Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Ona tili va o‘qish savodxonligi» darsligi joriy etiladi
16:19 / 2021-05-10

Yangi Milliy o‘quv dasturi asosida o‘quvchilarning yosh toifasidan kelib chiqib, chet el tajribasidan foydalangan holda yangi darsliklar yaratish bo‘yicha samarali izlanishlar olib borilmoqda.

Respublika ta’lim markazi axborot xizmatining xabar berishicha, shu paytgacha ikkita fan sifatida o‘qitilgan “Ona tili” va “O‘qish” predmetlari birlashtirib, «Ona tili va o‘qish savodxonligi» deb nomlangan yagona predmet joriy etilmoqda.

Yangi darslik uchun tanlangan matnlar va she’rlar bolaning ijtimoiy hayotga kirishib keta olishiga ko‘maklashadigan, badiiy hamda ilmiy-ommabop uslubdagi matnlardan iboratdir.

Amaldagi darsliklarda tinglab tushunishni rivojlantirish uchun topshiriqlar ajratilmagan bo‘lsa, yangisida bu kompetensiyani rivojlantirish uchun har bir mavzuda alohida topshiriqlar ishlab chiqilgan.

Shu paytgacha ona tilini o‘qitishdan maqsad tilning grammatikasini o‘rgatish, tilga oid qoidalarni yod oldirish edi. Yangi darslikda eng muhim qoidalargina qoldirilgan. Rang-barang tasvirlar va qiziqarli topshiriqlarga ko‘proq urg‘u berilgan.

Ahamiyatli tomoni, endi o‘qituvchilar uchun «O‘qituvchi kitobi», o‘quvchilar uchun esa «Mashq daftari» ham bo‘ladi.

Amaldagi darslikdan o‘rin olgan matnlar bola yoshiga mos bo‘lishidan ko‘ra, didaktik ahamiyatiga urg‘u berilgan. Taqdim etilayotgan didaktika esa yoshga mos, qiziqarli mavzulardagi matnlar hamda she’rlarga singdirilgan.

Ilgari darsliklardagi tushunarsiz so‘zlar izohsiz qoldirilardi. Yangi darsliklarda bolaning tushunishi uchun qiyin bo‘lgan so‘zlar darslikning orqa qismida maxsus lug‘atga joylashtirilgan. Bundan tashqari, ular ustida alohida mashqlar ishlab chiqilgan.

Yangi darslikda uyga vazifalar mavjud emas. Nutqiy mavzular asosida izchillikda bir-birini to‘ldiradigan, o‘zi izlanib topishga qaratilgan nostandart mashq va topshiriqlar ishlab chiqilgan.

Yangi darslikdagi o‘zgarishlar ajratilgan dars soatlariga ta’sir o‘tkazmaydi.

Bu kabi yangi darsliklarning joriy etilishi o‘quvchilarning mavzuni oson tushunishi, mustaqil fikrlashi va ta’lim sifatining ortishiga xizmat qiladi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA