Ona tili – Vatanimiz, milliy o‘zligimiz, g‘urur va iftixorimiz bilan bevosita bog‘liq muqaddas tushuncha. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda ona tilimizni yanada rivojlantirish, uning mavqei va maqomini tobora yuksaltirish hamda jahon miqyosida targ‘ib etish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Shu sababli yurtimizda oktyabr oyi ma’rifat, adabiyot, ona tili oyi sifatida bayramona ruhda o‘tishi yaxshi an’anaga aylanib qolgan. Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tayotgan ona tili bayramlari, anjumanlar, festivallar, ijodiy uchrashuv va muloqotlar, ijodiy tanlovlar fikrimizning yorqin namunasidir.
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishtirokchilari erta tongdanoq poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida bo‘lib, buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat va ijodiy tashkilotlarning vakillari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, o‘qituvchilar, ma’naviyat sohasi fidoyilari, ustozlar, talaba-yoshlar, milliy madaniyat markazlarining vakillari ishtirok etdi.
Saroy foyesida o‘zbek tilining betakrorligi va jozibasini namoyish etuvchi ilmiy-ma’rifiy, badiiy ko‘rgazma tashkil etildi. Bu yerda o‘zbek tilini targ‘ib etish, o‘rganish yuzasidan yangi ilmiy innovatsion ishlanmalar, adabiyotlar, targ‘ibot vositalari, musavvirlarning asarlari bilan tanishish imkoniyati yaratilgani e’tiborga molikdir.
[gallery-25848]
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 1 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Darhaqiqat, tabrikda ta’kidlanganidek, bundan sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlangan tom ma’nodagi tarixiy islohotlarimiz tufayli o‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Bu borada qabul qilingan farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyati haqida so‘zladi. Taniqli shoir, "Do‘stlik" ordeni sohibi Shodmonqul Salom ona tilimizga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.
Tantanali tadbirda sun’iy intellekt vositasida Alisher Navoiyning ona tilimiz haqidagi fikrlari aks ettirilgan videorolik namoӣish etildi.
Ma’lumki, o‘zbek tili umumturkiy dunyoning ham bebaho boyligi sanaladi. Shu munosabat bilan tantanali tadbirda TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayevning video tabrigi onlayn namoyish etildi.
Darhaqiqat, bugun o‘zbek tilida 50 million nafardan ortiq inson so‘zlashmoqda. O‘zbekistonda til rivojiga qaratilayotgan e’tibor sababli ona tilimizning nufuzi xalqaro miqyosda ham tobora ortib bormoqda.
– O‘tgan yili o‘zbek tilidagi 17 ming, bu yil esa 25 mingdan ortiq badiiy adabiyotlar xorijga yetkazib berildi, – dedi "Vatandoshlar" xalqaro jamoat fondi raisi Odiljon Sattorov. – Xorijda o‘zbek tilini o‘qitish yuzasidan izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbek tiliga oid maxsus onlayn platforma yaratildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda xorijdagi o‘zbek ijodkorlarining asarlarini ona tilimizda nashr ettirishga e’tibor qaratilmoqda.
– O‘zbekiston haqida "Buyuk ipak yo‘li" loyihasi orqali eshitgandim, – dedi xitoylik Vandzi Lu. – Shanxaydagi universitetdan so‘ng, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining tarix fakultetida magistratura bosqichida o‘qiyman. O‘zbek tilini o‘rganishim menga katta foyda bo‘lmoqda. Bu tilda darslarni bemalol tushunaman, badiiy kitoblar o‘qiyman. O‘zbekistonga kelgan xitoyliklarga o‘zbek tilini o‘rgataman.
Tadbirda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari, xorijliklar o‘zbek tilini o‘rganish, uning betakror nafosatiga oid fikrlarini bildirdilar. Ularga Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan Alisher Navoiy asarlari jamlangan ensiklopediya tuhfa etildi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi katta konsert dasturi namoyish etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri
Nuriddinjon Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri