Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tili – millat ma’naviyati ko‘zgusi
10:38 / 2022-10-17

Til har bir millatning ruhi, ma’naviyati, qadriyatlarini o‘zida aks ettiradigan muhim vosita hisoblanadi. O‘zlikni anglash, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik ham til orqali yuz beradi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida, aniqrog‘i, 1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Qonunga asosan, xalqimizning eng muhim qadriyatlardan biri hisoblangan til huquqiy asosga ega bo‘ldi. Qonun bilan o‘zbek millatining ma’naviyatini, ruhiyatini, qadrini ko‘rsatadigan muhim omil, ya’ni tilning maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi.  

Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Tilda millatning, elatning tarixi, madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.  

O‘zbek tili – o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili hisoblanadi. Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi tilimizning jamiyatdagi mavqeini ko‘tardi, xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirdi. Turli darajadagi rasmiy uchrashuvlar, muzokaralarda tilimizning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani, nufuzli xalqaro anjumanlar va boshqa tadbirlarda o‘zbekona kalom yangrashi, xorijdagi qator ta’lim dargohlarida, ilmiy muassasalarda o‘zbek tilini o‘rganish markazlarining tashkil etilganligi, o‘zbek tilini o‘rganuvchilar soni tobora ortib borayotgani barchamizning qalbimizga faxr-iftixor baxsh etadi.  

bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbek adabiy tilini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda o‘zbek tilining boyitish va takomillashtirishga doir ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, loyihalar amalga oshirilmoqda, turli sohalarga oid lug‘atlar, ilmiy risolalar nashr etilmoqda.  

“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning hayotimizda tutgan o‘rni va ahamiyati haqida fikr yuritganda, yana bir muhim hujjat – 1993 yil 2 sentyabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinganiligini alohida e’tirof etish kerak. Keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarni inobatga olgan holda qabul qilingan ushbu qonun mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishi va jahon kommunikatsiya tizimiga moslashishini jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Umuman, tilimiz rivoji va nufuzini yuksaltirishda har ikkala qonun muhim ahamiyat kasb etadi.  

Ta’kidlash kerakki, Davlat tilida yuritilayotgan ayrim hujjatlarda, turli e’lonlar, reklama bannerlarida, idora va tashkilotlarning muhrlari, binolar peshtoqlariga yozilgan yozuvlarda ba’zi hollarda oddiy imlo qoidalariga rioya qilinmayotganligi yurtdoshlarimizni, ayniqsa, biz ziyolilarni jiddiy tashvishga soladi. Bu kabi holatlar tilimiz rivoji va sofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois ham tilimiz sofligini saqlash, yozuvlarda uni to‘g‘ri qo‘llash, adabiy til normalariga qat’iy amal qilish, nufuzini oshirish masalalari keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lishi muhimdir.  

“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun ijrosiga faqat nazorat qiluvchi organlar emas, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaro mas’ul ekanligini aslo unutmasligimiz kerak. Shu o‘rinda birinchi prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi so‘zlarini eslash o‘rinli: “Ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimiy ishlashimiz zarur”. 

Ona tilini ulug‘lash, so‘zni qadrlash – inson ziynati, burchi. Lekin hamma ham bu mas’uliyatni birday his qilmoqda, deya olmaymiz. So‘zimizning isboti tariqasida ayrim teleradiokanallarda, kino va qo‘shiqchilik sohasida til me’yorlari ko‘pol ravishda buzilmoqda. Xususiy telekanallar ko‘rsatuvlari, kinostudiyalar suratga olgan filmlarda jumlalarni pala-partish tuzish, nutq madaniyati, adabiy til normalariga rioya etmaslik, sheva ustunligini ko‘ramiz. Ayrim qo‘shiqchilarning qo‘shiq ijrosini eshitib, tilimizga hurmatsizlikni ko‘rish mumkin.

Tilimizga davlat tili maqomining berilishi oson kechmagan, albatta. Bunga yillar davomida tilshunoslar, ziyolilarning fidoyiligi, keng jamoatchilik, butun xalqimizning say’-harakati bilan erishilgan. Shunday ekan, bugun biz tilimizdan foydalanish bilan bog‘liq yuqoridagi kabi salbiy holatlarga, xato va kamchiliklarga e’tiborsiz qaramasligimiz, tomoshabin bo‘lib turmasligimiz kerak. Eng avvalo, o‘zimiz tilimizni hurmat qilishimiz kerak. Bu boradagi mavjud xatolarni tuzatish, kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish barchamizning vazifamizdir.   

“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning hayotga tatbiq etilishiga, tilimizni ulug‘lash, mavqeini yanada yuksaltirish, uning jahonaro baralla yangrashiga hissa qo‘shish o‘zini shu yurtning farzandi, deb bilgan har bir millatdoshimizning muqaddas burchidir. 

Botirjon AHMEDOV,  
Andijon davlat chet tillari instituti  
Yoshlar bilan ishlash,  
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i. 

O‘zA