Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tili – millat g‘ururi
12:55 / 2023-10-21

Buxoroda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Ona tili – millat g‘ururi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimligi mutasaddilari, taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, san’atkorlar, jurnalistlar, yoshlar, pedagog xodimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talabalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

Viloyat musiqali teatri foyesi mavzuga mos dekoratsiyalar, hunarmandchilik mahsulotlari bilan bezatildi. Bir tomonda teatr qahramonlari, bir tomonda musiqa ijrochilari, yana bir tomonda kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.  

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev viloyat hokimining o‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.  

Ta’kidlanganidek, o‘zbek xalqi o‘z tarixi mobaynida ona tilida ish yurita olmagan, nutq so‘zlay olmagan davrlarni ham boshidan o‘tkazdi. O‘zi yashaydigan mahallani, tug‘ilgan joyini o‘z tilida nomlay olmagan paytlar  ham bo‘ldi.  

1989 yil 21 oktyabrda ona tilimizga Davlat tili maqomi berildi, ya’ni “Davlat tili haqida” gi tarixiy qonun qabul qilindi. Bu – fikrni erkin bayon qilish huquqi va katta imkoniyat – ona tilida gapirish, ish yuritish, ijod qilish demakdir.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 21 oktyabr kuni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan imzolangan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy farmon mamlakatda davlat tilini rivojlantirish ishlarini yanada jonlantirdi.  

[gallery-14140]

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 apreldagi “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” gi qonuni 1-moddasi bilan 21 oktyabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilandi. Shundan buyon har yili bu kun bayram sifatida yurtimizda keng nishonlanadi.  

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari tuzilmalarida bevosita soha rivoji uchun faoliyat yurituvchi maslahatchilar lavozimi joriy etildi. Eng muhimi 21 oktyabrning O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilanishi ona tilimiz mavqeyini oshirish, uning chinakamiga Davlat tili maqomiga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘ldi. Buning natijasida o‘zbek tili butun dunyodagi tillar qatori o‘z o‘rniga, obro‘ va maqomiga ega bo‘ldi.  

Tadbir mazmunan – mohiyatiga ko‘ra keng qamrovli, mazmunli bo‘lib, bundan 34 yil muqaddam o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgani, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratganligi ta’kidlandi.  

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, milliy davlatchiligimiz va o‘zligimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari uchun hamda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan bir guruh faollar viloyat hokimligi tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Tadbirda namoyish etilgan badiiy-musiqiy kompozitsion dastur bayram ruhiyatini yanada oshirdi. O‘zbek tili madhiga bag‘ishlangan she’rlar o‘qildi, qo‘shiqlar ijro etildi.  

O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar, turli ko‘rik-tanlov va viktorinalar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.  

 

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov, (surat), O‘zA muxbirlari.