21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganida biz talaba edik. Xalqimizning taqdiri va kelajagiga daxldor bo‘lgan mazkur qonunning qabul qilinishi qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan. Qonun chindan ham keng jamoatchilikning qat’iy shijoati tufayli qabul qilingan.
Albatta, ona tilni asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish, rivojlantirish mamlakat taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Shu jihatdan mustaqillik yillarida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
So‘nggi yillarda yurtimizda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor kuchayganligini alohida ta’kidlasak arziydi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda davlatimizning “2020- 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish” konsepsiyasi muhim ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, yurtimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun 21 oktyabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilingani tarixiy voqea bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida kadrlar tayyorlash bilan bir qatorda o‘zbek tilini turli sohalarda qo‘llashga oid tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Adiblar xiyobonida barpo etilgan yodgorlik majmualari adabiyotimizning buyuk namoyandalari, o‘zbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtirom timsolidir.
Atoqli adiblarimiz, yozuvchi va shoirlarimiz nomidagi ijod maktablarida bugun yoshlarimiz bebaho boyligimiz bo‘lgan ona tilimiz va milliy adabiyotimizning sir-asrorlarini o‘rganmoqda. Bularning barchasi Prezidentimizning Uchinchi yuksalish davri poydevori yaratilayotgan bugungi kunda mustaqil davlatchiligimiz timsoli, ma’naviy boyligimiz bo‘lgan o‘zbek tili taraqqiyotiga yuksak e’tibori samarasidir.
Davlat tilini rivojlantirish borasida olib borilayotgan bunday sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonning jahon maydonidagi obro‘-e’tibori oshishi barobarida o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi ham ortib bormoqda. Xususan, hozirgi kunda dunyoda o‘zbek tilida so‘zlashadiganlar soni ortib borayotgani, jahonning ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida va maktablarida o‘zbek tili darslari o‘qitilayotgani, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan xorijlik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘payayotgani buning isbotidir.
O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar kengashiga a’zo bo‘lgani esa nafaqat iqtisodiy-siyosiy, balki turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi, albatta. O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etdi. Ona tilimiz Birlashgan millatlar tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangramoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ham Prezidentimiz o‘zbek tilida nutq so‘zlaganida barchamizning ko‘nglimiz cheksiz faxrga to‘ldi. Bunday onlar bardavom bo‘lishiga ishonamiz. Zero, bizning ona tilimiz asrlar davomida juda katta hayotiy tajriba asosida shakllangan va sayqal topgan beqiyos xazinadir. Al-Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari mutafakkirlarimiz undan bahramand bo‘lib, dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shganlar.
Tarixga nazar tashlasak, ma’rifatparvar jadidlarimizning o‘zbek tilining sofligini saqlash, uni boyitish, til ta’limi borasidagi dadil qadamlariga guvoh bo‘lamiz.
Mustabid tuzum davrida o‘zbek tilining mavqeni pasaytirishga urinishlar ko‘p bo‘lganidan xabardormiz. Ma’rifatparvar adib Abdulla Qodiriy “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar” deya xitob qilgan. Hali-hanuz adabiyotshunoslar o‘zbek romanchiligining asoschisi bo‘lgan Qodiriy asarlarining jozibadorligi, umrboqiyligi uning tilidadir, deb e’tirof etishadi.
Ona tilimiz taraqqiyoti haqida so‘z yuritganda, albatta, globallashuv jarayonlarida uning sofligini saqlash masalasiga ham e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi. Xususan, reklama va targ‘ibot materiallarida, ayniqsa, tez ko‘zga tashlanadigan tashqi reklamalar, televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilayotgan reklama-roliklardagi xatoliklar, hatto ayrim tadbirlarda mavzu va shiorlarning g‘alizligi kishi ta’bini xira qiladi. Ba’zida yozuvda imlo qoidalariga to‘la amal qilmaslik, so‘zlashuvda turli tillarga oid atamalarning qorishib ketishi, so‘z va iboralarni noto‘g‘ri, o‘rinsiz ishlatish, talaffuzdagi nuqsonlar, bularning barchasi ona tilimiz talqini buzilishiga olib keladigan salbiy vaziyatlardir.
Bunday holatlarga qarshi, eng avvalo, yurtimiz ziyolilari, o‘zbek tili va adabiyoti sohasi mutaxassislari, ijod ahli, yozuvchi, shoirlar, jurnalistlar bong urishimiz kerak. Shundagina ona tilimizning rivoji va taraqqiyoti yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini har qadamda ko‘rsatadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun bizning Yangi O‘zbekistonni qurish bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirmoqda. Bu yo‘lda ona tili milliy o‘ziga xoslik va g‘urur timsoli sifatida, shubhasiz, biz uchun katta kuch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Nazira MATYAQUBOVA,
“Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi bosh muharriri,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
O‘zA