“Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun hamda Davlatimiz rahbarining 2020 yilning 20 oktyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi bo‘yicha senatorlar muntazam o‘rganishlar olib bormoqda.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi mazkur hujjatlarning Buxoro viloyatidagi ijrosini o‘rgandi.
Qo‘mita yig‘ilishida o‘rganish natijalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, viloyatda ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha vazifalarning bajarilishi, olis hududlardagi maktablarning fan bo‘yicha mutaxassis bilan ta’minlanganligi, darslarning sifati, ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchiligiga qayta tayyorlovdan o‘tish tizimi va maktablarda dars tahlilining yuritilishi, o‘quvchilarning “Ona tili” darsliklari va boshqa o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganligi, ulardan mashg‘ulotlar davomida foydalanish holati tahlil qilindi.
Viloyatdagi 534 umumta’lim maktabida jami 28 ming 248 nafar pedagog xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 2 ming 313 nafari ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi hisoblanadi. Ularning 2 ming 307 nafari oliy ma’lumotli, 6 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli pedagog hisoblanadi.
Viloyatdagi umumta’lim muassasalarida jami 321 ming 839 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ushbu o‘quvchilarga tarqatilgan darsliklar va maktab kutubxonalarida saqlanayotgan darsliklar soni 372 ming 650 tani tashkil etadi. Ayni paytda o‘quvchilarning darsliklar bilan ta’minlanish holati 117,8 foizni tashkil etmoqda.
Majlisda ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarining o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlanishi, maktablarning ona tili va adabiyoti sinflari zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlanishi, shuningdek, maktab kutubxonalarida ona tili faniga aloqador o‘quv adabiyotlari (o‘quv lug‘atlari, ensiklopediyalar, badiiy asarlar) bilan ta’minlanishida bir qator kamchiliklar borligi qayd etildi.
Oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani, bitiruvchi talabalarning pedagogik amaliyotni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha olib borilgan ishlar, ona tili va adabiyoti fani metodistlarining mutaxassisligi, ish tajribasi va ularga yaratilgan shart-sharoitlar, maktablarda ona tili va adabiyot fan to‘garaklarining tashkil etilgani va ularni yuritishning mavjud holati ham tanqidiy muhokama qilindi.
O‘z navbatida, “Ona tili” fani bo‘yicha o‘quvchilar bilim va ko‘nikmalarini hamda o‘qituvchilar kasbiy malakasini baholashning mavjud holati, ona tili va adabiyoti ta’limi samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Tahlillar yakunlari bo‘yicha davlat tilini o‘qitishda erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan qo‘mita tomonidan tegishli vazirlik va idoralarning axborotlari eshitildi.
Mazkur masala bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA