Ona-tili darsligi atrofidagi bahs-munozaralar yakuni
Darslik muallifi bilan suhbat
Darslik muallifi bilan suhbat
Soʻngi yillarda yoshlarning Davlat tilida savodli yoza olish darajasi tushib borayotgani haqidagi bahs-munozaralar kuchayib bormoqda. Tabiiyki, savodli yozish bolalarga maktabdan oʻrgatiladi. Bunda Ona tili darsliklarining oʻrni muhim. Joriy yilda 5-sinf oʻquvchilari uchun Ona tili darsligining yangi, tubdan oʻzgartirilgan varianti kiritilmoqda. OʻzA muxbiri yangi 5-sinf Ona tili darsligining mualliflaridan biri oliy toifali Ona tili fani oʻqituvchisi, xalq taʼlimi aʼlochisi Sharofat Toshmirzayeva bilan suhbatlashdi.
— Darslikning avvalgilaridan farqi va yangiligi nimada?
— Avvalambor, mukammal darslik mavjud emasligini eʼtirof etishni istardim. Bizning darslik ham hamon muhokama boʻlmoqda. Biz yangi darslikda grammatik talablarni kamaytirishga harakat qildik. Lekin bunga qarshi chiqqanlar ham boʻldi. “Grammatik talablarni kamaytirilishi savodxonlikni susaytiradi”, degan munosabatlar talay. Bu yangilik, ayniqsa, repetitor domlalariga yoqmaydi. Chunki, ular grammatikani oʻquvchilarga yodlatishga urinishadi. Abituriyent murakkab grammatik qoidalarni yodlab olganidan soʻng, talaba boʻlgach, bu qoidalarga deyarli toʻqnash kelmaydi va ularni unutib yuboradi. Bu Ona tili darsligi yoʻnalishidagi asosiy kamchiliklardan biri. Biz bu xatoni toʻgʻrilashga urindik. Grammatik qoidalar kamaytirildi. 70 ga yaqin sintaksis va morfologiyaga oid mavzular chiqarib tashlandi va yuqori sinf darsliklariga oʻtkazildi. Fonetika, grafika, orfografiya (imlo) leksikaga oid mavzularni olib qoldik va oʻquvchilarni baʼzi ish qogʻozlari bilan tanishtirdik. Asosan nutq va matn bilan ishlashga urgʻu berdik. Matnlar tanlashda xalqaro PISSA test sinovlariga oʻquvchilarni tayyorlash ham hisobga olingan.
Oʻquvchi matnni oʻqiydi, eshitadi, gapiradi va shundan xulosa qiladi. Yangi darslik oʻquvchini fikrlashga undaydi va unga motivatsiya beradi. Masalan, baʼzida matnlar berilgan, unga sarlavha topish esa oʻquvchiga qoldirilgan. Yaʼni oʻquvchi xato fikrlasa ham, oʻz fikrini aytishi, gapirishi kerak.
Oʻqituvchilar odatda yangi mavzuni oʻquvchilarga tushuntirib boʻlgach, mashq beradi. Oʻquvchilar mashq qilish jarayonida oʻqituvchilar boʻsh qoladi. Men bu holatni koʻpgina ochiq darslarda kuzatganman.
Darslik oʻquvchini 4 kompitensiyani bajarishga, yaʼni tinglab tushunish (muxokama qilish), oʻqish yozish va gapirishga undaydi. Shuningdek, darslikda bolalar uchun qiziqarli, kelajakdagi ishlari uchun dalda boʻladigan ruxlantiruvchi keng qamrovdagi matnlar berilgan. Matnlar ustida juda uzoq ishladik. Baʼzi matnlar ustida kunlab tortishdik, bahs yuritdik. Nazarimda deyarli barcha matnlar bola uchun qiziq. Oʻquvchini baxs-munozaraga chorlovchi, fikrlashga undaydigan matnlar koʻp.
— Yoshlar orasida oʻzbek tilida savodli yozish darajasi sustlashib bormoqda. Darslikka savodxonlikni oshirish uchun qanday dasturlar kiritilgan?
— Savodxonlikni oshirish uchun koʻpgina mashqlar kiritilgan. Avval ham bunga eʼtibor berilgan edi, bu safar ularning sonini koʻpaytirdik. Masalan, “Matn va lugʻat bilan ishlash” mavzusida oʻquvchi matn bilan tanishish jarayonida oʻquvchi soʻz bilan ham ishlaydi. Uning imlosiga talaffuziga eʼtibor beradi. Baʼzi mashqlarda yozilishi qiyin soʻzlar berib, imlosiga diqqat qilish soʻraladi. Baʼzilarida esa, soʻzlar notoʻgʻri berilgan va ularni toʻgʻri yozish uchun imlo lugʻati bilan ishlashga toʻgʻri keladi. Yana darslikka yangi mavzular kiritilgan. Yangi nashrda yozuvda aks etadigan va yozuvda aks etmaydigan tovush oʻzgarishlari masalasiga alohida toʻxtaldik.Chunki mana shu xodisalar koʻpincha imlodagi muammolarni keltirib chiqaradi: oʻquvchi qanday eshitsa shunday yozib qoʻyadigan soʻzlar bor. Masalan, tushunmoq (chunmoq), inshoot (inshoat). Shuni nazarda tutib bu tovush oʻzgarishlarini ikki hil koʻrinishda berdik.
Shu bilan birga, nutqimizda ommalashib ketayotgan (veb-sahifa, xeshteg, akkaunt, mem kabi) internet va iqtisodiyotga oid yangi soʻzlar ham kiritilgan. Ona tilini bola oilasida oʻrganib keladi. Maktabda u oʻz tilini toʻgʻri qoʻllashni va bu til orqali boshqa fanlar bilan aloqa tiklashni oʻrganadi. Shuning uchun, imkoniyat darajasida, Ona tilining boshqa fanlarni oʻrganishdagi koʻprik vazifasini oʻtashiga eʼtibor qaratganmiz. 10 ga yaqin fan bilan Ona tilini bogʻlashga harakat qildik.
Yangi darslik oʻquvchilarni izohli, imlo va boshqa bir qator lugʻatlar bilan ishlashga oʻrgatadi.
Albatta, bu yangi nashr oʻziga yarasha xato va kamchiliklardan xoli emas. Nazarimizdan chetda qolgan bunday kamchiliklar yuzasidan amaliyotchi oʻqituvchilarimiz darslik bilan ishlash jarayonida koʻrib taklif beradilar, bagʻrikenglik bilan kutib oladilar degan umiddamiz.
Darslikni ekspert va taqrizchilar yaxshi qarshi olishdi endigi bahoni amaliyotchi oʻqituvchilar beradi.