O‘zbek tilimiz boyligi, go‘zalligi, o‘zining boy tarixiga egaligi bilan ajralib turadi. Ona tilimiz yillar silsilasida rivojlanish bosqichlaridan o‘tib, yanada boyib, sayqallanib keldi. Uning jozibasi, go‘zalligi, boy til ekanligi ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi qatlarida, shoiru yozuvchilarimizning asarlarida o‘z ifodasini topgan.
21 oktyabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun, shu bois ushbu sana O‘zbek tili bayrami sifatida katta tantana qilinadi. O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida “Til borki, millat barhayot” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda o‘zbek tilining bugungi kundagi holati, jamiyat va hayotimizdagi ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, O‘zMTDP tomonidan davlat tilini rivojlantirish, uning mavqeini oshirish, mamalakatimizda hamda xorijda keng targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
— Ona tilimiz sofligini asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga o‘z holicha, ziyonsiz yetkazish bugungi davrning, har birimizning vazifamizdir, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova. — Davlat tilining ahamiyatini oshirish, uni rivojlantirish eng dolzarb masaladir. Bu borada hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talay. Xususan, ish yuritishda, hujjatlarda, reklama siyosatida va eng asosiysi, yoshlarning muloqot maydonlarida tilimizga bo‘lgan e’tibor va hurmatni yanada yuqori darajaga ko‘tarishimiz lozim. Ba’zan e’lon va reklama bannerlarida adabiy til qoidalarining buzilish holatlari ham uchrab turadi. Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etishda bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz lozim.
Tadbirda partiya qoshida tashkil etilgan “Til posbonlari” guruhi faoliyati ham tahlil etilib, bu borada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA