Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tili bayrami nishonlandi
19:15 / 2019-10-21

Namangan shahridagi “Adiblar xiyoboni”da oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.


Namangan shahridagi “Adiblar xiyoboni”da oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Xiyobonlar odatda boshqa joylardan farqli tarzda odamlardan xoliroq, sokinroq boʻladi. Bugun “Adiblar xiyoboni” kuzning tarovatli tongida oʻzgacha shukuh kasb etdi. Bu yerga erta tongdan viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim muassasalari jamoalari, yozuvchi va shoirlar, tilshunos olimlar, nuroniylar va yoshlar vakillari bayramona kayfiyatda toʻplana boshladi. Kuzgi zarrin libosga burkangan maʼvoda taralayotgan Sevara Nazarxon ijrosidagi “Ulugʻimsan, Vatanim” qoʻshigʻi avj pardasida qalblarni hayajon bilan titratadi.

Tadbir avvalida soʻzga chiqqan shoir Ziyoviddin Mansur, viloyat hokimining oʻrinbosari Paxriddin Matkarimovlar tomonidan buyuk oʻzbek tilining milliy davlatchiligimiz tarixidagi oʻrni, uning davlat tili maqomida Vatanimiz, xalqimiz kelajagi, yorugʻ istiqbolini belgilovchi beqiyos ahamiyati yana bir bor taʼkidlandi.

Ona tilimizni ulugʻlashga bagʻishlangan marosim shu mavzudagi mushoira bilan yanada sayqal topdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Gulchehra Shahobiddin qizi, Oʻktamoy Xoldorova, Jamoliddin Muslim kabi taniqli shoirlar oʻqib bergan sheʼrlar ona tilimizning jozibador qirralari, Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat va sadoqat ohanglari bilan tadbir ishtirokchilari qalbiga gʻurur bagʻishladi.

Shundan soʻng viloyat hokimligi, Namangan shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari hamda muassasalari jamoalari xiyobon markazidagi Boborahim Mashrab va uning atrofidagi viloyatda yashab ijod qilib oʻtgan taniqli adib va shoirlar yodgorliklari poyiga gullar qoʻydi.

Qutlugʻ sanaga bagʻishlangan tadbir viloyat musiqali drama va komediya teatrida “Oʻzbek tili goʻzal va betakrordir!” deb nomlangan ilmiy, adabiy-badiiy, musiqiy kecha bilan davom etdi.