Ona tarbiyasi — ma’rifat poydevori
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani axborot-kutubxona markazida “Kitobxon onalar” kuni munosabati bilan “Kitobxon onalar — ma’rifat chirog‘i” nomli badiiy-musiqiy kecha o‘tkazildi.
Tadbir oilada mutolaa madaniyatini qaror toptirish va onaning tarbiyaviy o‘rnini yanada kuchaytirishga qaratildi.

Kechada turli avlod vakillari — buvijonlar, onaxonlar, kitobga oshno ayollar hamda ularning farzandlari ishtirok etishdi. Ijodiy chiqishlar orqali kitobning inson kamolidagi ahamiyati, ona timsoli esa ma’rifat elchisi sifatida talqin etildi.

Ayniqsa, nuroniy buvijonlarning hayotiy tajribaga boy, tarbiyaviy mazmundagi suhbatlari tadbirga alohida ruh bag‘ishladi. Ular o‘z mulohazalarida farzand qalbida bilimga muhabbat avvalo oila muhitida shakllanishini ta’kidladilar.
Abdujalol Qayumov, O‘zA