Ekologiya va tabiat ne’matlaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki ularga zarar yetkazish jinoyat hisoblanadi. Chunki ona tabiat — insoniyatning hayotiy manbai, jamiyat taraqqiyoti va kelajak avlodlar salomatligining asosidir.
Mamlakatimizda tabiatni asrab-avaylash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat dasturlari va qabul qilinayotgan qonun hujjatlari orqali barqaror rivojlanishni ta’minlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish ustuvor vazifa qilib belgilangan.
Yer va yer osti boyliklari har bir mamlakatning eng muhim milliy boyliklari hisoblanadi. Ular nafaqat iqtisodiyotning turli sohalari uchun asosiy manba, balki xalqning hayot sifati va kelajak avlodlar farovonligi uchun ham bebaho xazinadir.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197-moddasida yer yoki yer osti boyliklaridan foydalanish qoidalarini buzish jinoyat hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. Bu norma tabiiy resurslardan oqilona va adolatli foydalanishni ta’minlash, shu bilan birga ularni muhofaza qilish maqsadida joriy etilgan. Shuningdek, 197-1-moddada sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga qarshi kurashish normalari belgilangan. Yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi o‘z hududida yerning o‘zboshimchalik bilan egallab olingani haqida bilsa, u bu holat haqida tegishli organlarga xabar berishga majbur. Agar bu burch bajarilmasa yoki chora ko‘rilmasa, shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin.
Yer va yer osti resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish tuproqning degradatsiyasiga, suv resurslarining ifloslanishi va ekologik muvozanat buzilishiga olib kelishi mumkin. Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish esa nafaqat qonunbuzarlik, balki aholining turmush tarziga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, yer qazilmalari, suv zaxiralari va mineral resurslar mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.
Belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish har bir fuqaro va korxonaning burchi hisoblanadi. Yer va yer osti boyliklari – har birimizning umumiy boyligimizdir. Ularni asrab-avaylash, ulardan qonun doirasida va oqilona foydalanish har birimizdan mas’uliyat talab etadi. Chunki bugungi kunning to‘g‘ri munosabati ertangi avlod uchun munosib meros qoldirish demakdir.
Jasur O‘rozboyev,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyasi
O‘zA