Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona O‘zbekistonimizning posbonlari sharaflandi!
21:06 / 2026-01-14

Vatan himoyasi – posbonlarimiz uchun shon-sharaf, muqaddas burch, or-nomus, hayot mazmuniga aylangan tushuncha. Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligi keng nishonlanmoqda.

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan poytaxtimizning “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumentiga Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari rahbariyati va shaxsiy tarkibi tomonidan gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, senatorlar, deputatlar, Milliy gvardiya, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, DXX Chegara qo‘shinlari, Bojxona qo‘mitasi va boshqa harbiy soha, huquq-tartibot idoralarining vakillari, faxriylar, harbiylarning ota-onalari, oila a’zolari taklif etildi.

[gallery-27128]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Holmuhamedov o‘qib eshittirdi. 

Tabrikda ta’kidlanganidek, bugungi kunda xalqimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritmoqda. Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlarda Qurolli Kuchlarimizning ham munosib hissasi bor.

Darhaqiqat, salkam o‘n yillik davr mobaynida mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanish jarayonlari hamyurtlarimiz, ularning hayot tarzi, orzu-umidlari, ezgu maqsad-muddaolarida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. O‘zining mustahkam pozitsiyasi, tub ijobiy yangilanishlari bilan dunyoga tanilayotgan O‘zbekiston tinchliksevar, ishonchli, uzoqni ko‘zlovchi siyosati bilan jahon hamjamiyatida tobora o‘ziga xos obro‘ va e’tiborga ega bo‘lib bormoqda. Ayni paytda Vatanimiz mintaqada tinchlik va barqarorlikning kafolatini ta’minlovchi asosiy kuchga aylanib ulgurdi. 

Keyingi yillarda mamlakatimizda yaqin qo‘shni va olis davlatlar bilan ishonch va hurmatga asoslangan, o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda Milliy Armiya tizimi, harbiy sohani tubdan isloh etish, uni zamon talabiga uyg‘un tarzda modernizatsiyalash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. 

Hayotini jonajon O‘zbekistonimiz himoyasi bilan chambarchas bog‘lagan harbiylarimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning farovon va munosib hayot kechirishi, oilaviy sharoit va imkoniyatlarini yanada yaxshilash maqsadida muhim ijtimoiy chora-tadbirlar hayotga keng joriy etilmoqda. 

Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning imkoniyatlaridan bahramand bo‘lib kamolga yetayotgan yoshlarimizni Vatanga sadoqat, yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalash, yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu boradagi muhim sa’y-harakatlarga nainki harbiy soha vakillari, balki adabiyot, san’at, ta’lim sohasi, mahalla va nuroniylar, keng jamoatchilik fidoyilari ham faol jalb etilgani e’tiborga molikdir. 

Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning sana arafasida Mudofaa vazirligi tizimidagi ob’ektlarga tashrifi mazkur yo‘nalishga oid muhim vazifalarni belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni sanaga o‘zgacha ko‘tarinkilik, yanada baland ruh bag‘ishladi.

[gallery-27130]

Bu boradagi barcha sa’y-harakatlar, ezgu tashabbuslar yurt taqdiri, uning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligi uchun nainki harbiylar, balki butun xalqimiz, barcha mas’ul ekanini bugungi o‘ta murakkab, tahlikali va tez o‘zgarib borayotgan, xalqaro huquqiy normalar, xalq diplomatiyasiga oid tushunchalar bir qadar kamayib borayotgan zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. 

– O‘zi tug‘ilib o‘sgan, ajdodlarimizning hokiga qorishiq tabarruk tuprog‘imizni himoyalash har bir yigit uchun chin ma’noda shon-sharaf ishidir, – dedi Mudofaa vazirligi vzvod komandiri, "Sodiq xizmatlari uchun" medali sohibi Abdurauf Karimov. – Bu  vazifa Ona O‘zbekistonimizni, uning kelajagi, xalqimizni, farzandlarimizni, istiqbolimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylamak, demakdir. 

– Kamtarona mehnatlarim yuksak qadrlandi, – dedi Mudofaa vazirligi kapitani, "Jasorat" medali sohibi Mansur Shomurodov. – "Eng ilg‘or komandir" tanlovida g‘olib bo‘ldim. Bir necha yillar davomida Hindiston, MDH mamlakatlarining komandirlari yig‘inlarida qatnashdim. Qator davlatlarda o‘tkazilgan “Armiya o‘yinlari” musobaqalarida oliy o‘rinlarga sazovor bo‘ldim. Menga bildirilgan ishonch yanada ko‘proq mas’uliyat bilan kasbga yondoshishga undaydi. 

Kechada mustaqilligimizni, tinch va osoyishta kunlarmizni, mehnatsevar xalqimizni, Ona O‘zbekistonimiz va undagi yangilanish jarayonlarini ulug‘lovchi videolavhalar, badiiy jamoalar, ustoz san’atkorlar va ijrochi yoshlar  ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi. 

           Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri