Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Ona madhi” ijodiy ishlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda uyushma va jamg‘arma raislari Sirojiddin Sayyid hamda Oqil Salimov ishtirok etib, yoshlarning ma’naviy kamolotida tanlovning ahamiyati beqiyosligini ta’kidladi. Ularni g‘oliblik bilan qutladi.
– Mazkur tanlovda Yangi O‘zbekistonimizda barkamol avlodni tarbiyalab, jamiyatdagi bunyodkorlik ishlarida faollik, fidoyilik ko‘rsatgan zahmatkash, mo‘’tabar ayollar va onalarga bag‘ishlab yozilgan she’rlar, hikoyalar va esselar mualliflarini rag‘batlantirishdir, — dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. — Yangi asarlar yozishga ruhlantirish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish, hayotimizda ayolning, mo‘’tabar onaning rolini yosh avlod qalbi va ongiga yanada chuqurroq singdirish, yosh ijodkorlarni, ayniqsa, respublikaning chekka hududlaridagi iste’dodli yoshlar faolligini oshirishga e’tibor qaratildi.

Tanlov “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi hikoya”, “Eng yaxshi esse” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi. Unga jami 122 nafar yosh ijodkorlarning she’r, hikoya va esselari kelib tushdi. O‘zbek va qoraqalpoq rus tillaridagi mazkur ijodiy ishlar janr tasnifi bo‘yicha quyidagilarni tashkil etdi: she’rlar va she’riy turkumlar – 72 ta, hikoyalar – 31 ta, esselar – 19 ta.
Hay’at a’zolari tanlovga taqdim etilgan ishlarning ijtimoiy ahamiyati, mavzuning yoritilishi, talqinning o‘ziga xosligi, asarning badiiyligi mezonlari bo‘yicha xolisona baholanib, g‘oliblar va sovrindorlar aniqlandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, "Eng yaxshi she’r” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa Sitora Shomurodova “Onamga...” (turkum) she’ri uchun munosib topildi.
“Eng yaxshi hikoya” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa Rohilabonu G‘o‘chchiyeva “Ona bo‘ri” hikoyasi uchun loyiq topildi.

“Eng yaxshi esse” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin Madina Norchayeva “Yetti qush” essesi uchun berildi.
– Bu kabi ijodiy tanlovlar bizga katta mahorat maktabini o‘taydi, — dedi she’riyat yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin sohibasi Sitora Shomurodova. – Unda men “Onamga...” nomli turkum she’rlarim bilan ishtirok etdim. Bu jarayonda o‘git va tavsiyalarini ayamagan ustoz ijodkorlarga rahmat, deyman.
Tadbirda Sirojiddin Sayyid Oqil Salimovga “Ulug‘bek” jamg‘armasi kutubxonasi uchun Alisher Navoiyning “Xamsa”sini yangi nashrdagi to‘plamini sovg‘a qildi. O‘zbekiston xalq shoiri Isajon Sulton, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimova, shoira Zebo Mirzo yoshlarga adabiyot osmonida ulkan parvozlar tiladi.
Tanlovning barcha g‘oliblariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va hamkor tashkilot tomonidan diplom, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist