Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Dehqonobod mahallasida istiqomat qilayotgan Gulzamon Abdumo‘minova 1994-yili tug‘ilgan farzandi Ubaydulla Habibullayevga bir buyragini berib, unga ikkinchi bor hayot baxsh etdi.
Oliy toifali jarroh, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Akmal Urolov va mazkur muassasaning jarroh-transplantologi Sherzod Toshmamatov tomonidan amalga oshirilgan jarayon muvaffaqiyatli bajarildi. Xarajatlar esa Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplab berildi.
– Ona uchun farzandining sog‘-salomatligidan ziyod baxt bo‘lmasa kerak, – deydi G.Abdumo‘minova. – O‘g‘limda salomatlik bilan bog‘liq muammo kuzatilgach, rosti shu bugungi kungacha ko‘nglim tinch bo‘lmadi. Qayerga bormay, kim bilan uchrashmay, o‘g‘limning buyrak bilan bog‘liq muammosi ko‘z o‘ngimdan o‘taverdi. O‘g‘limning salomatligi, buyrak bilan bog‘liq muammosini bartaraf etish uchun donor qidirdik. Lekin topolmadik. Shundan keyin o‘zim buyragimni berishga qaror qildim. Yaratganga, qolaversa, o‘g‘limga shifo baxsh etgan shifokorlarga tashakkur. Mana ko‘rib turganingizdek, sog‘-salomatmiz, deya baralla ayta olaman.
Ayni vaqtda bemor va uning onasi Guliston tibbiyot klasterida shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda. Eng muhimi, buyrak transplantatsiya amaliyotidan so‘ng bemor salomatligi ancha yaxshilandi. Nasib qilsa, tez kunlarda bemor va unga donorlik qilgan ona sog‘-salomat, xursandchilik bilan uyga qaytishadi.
Mazkur amaliyot Sirdaryo viloyati tibbiyoti tarixida o‘n uchinchisi bo‘lib, shundan ikkita amaliyotni sirdaryolik mutaxassislar mustaqil bajarishdi.
Bir hafta muqaddam, sirdaryolik mutaxassislar qoraqalpog‘istonlik bemorga, uning opasining bir buyragini transplantatsiya amaliyoti orqali ko‘chirib o‘tkazgandi. Ayni vaqtda ularning ham salomatligi yaxshi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri