Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘n to‘rt yoshida taxtga o‘tirib, o‘ttiz besh yil hukmronlik qilgan xon
09:21 / 2020-12-13

Vatanimiz tarixidagi 13 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1749 yil (bundan 271 yil oldin) – tarixchi olim Shodmon Vohidovning yozishicha, hijriy 1163 yil muharram oyining uchinchi kuni (milodiy 1749 yil 13 dekabrda) Qo‘qon xoni Abdulhamidxon ibn Abdurahimxon “Norbotir” – Norbo‘tabiy tavallud topdi (vafoti hijriy 1213, milodiy 1798 yil). U 14 yoshida taxtga chiqib, 35 yil hukmronlik qildi.

Norbo‘tabiy davrida Farg‘ona vodiysini birlashtirish jarayoni tugadi, iqtisodiyot tiklandi, mo‘l-ko‘lchilik, arzonchilik bo‘ldi. Bu esa Farg‘onaga chekka tuman va viloyatlardan ko‘plab aholining ko‘chib kelishiga zamin yaratdi. Qo‘qon vodiyning madaniy-iqtisodiy markaziga aylandi.

1888 yil (bundan 132 yil oldin) – tarixchi Abbosjon Mirzarahimovning qayd etishicha, Toshkentning Iqon bilan Nikolayev ko‘chalari kesishgan joyda, hozirgi “Zarafshon” restorani o‘rnida aka-uka G. va O.Porsevlarning mix-tosh bosmaxonasi hamda muqovaxonasi ishga tushirildi. 1901 yildan boshlab O.A. Porsev matbaaga mustaqil xo‘jayin bo‘lgan. Bosmaxona nafaqat Toshkentda, balki O‘rta Osiyodagi eng yirik bosmaxonalardan biri hisoblangan.

Bosmaxona aholining kitob va bosma materiallarga bo‘lgan talabini qondirish, kitoblarni butun o‘lkaga keng tarqatish, mahalliy aholi vakillaridan kadrlar yetkazib chiqarishda muhim ahamiyat kasb etgan. Bosmaxonada 1888 yildan 1910 yilgacha barcha ishlar qo‘l kuchi bilan bajarilgan. 1910 yildan matbaa bug‘ kuchi bilan ishlay boshlab, o‘sha davrdagi eng mukammal texnika bilan jihozlangan.

1915 yil (bundan 105 yil oldin) – Toshkent shahrida Ko‘kaldoshdan Eski Jo‘va orqali Taxtapul darvozasiga qadar bo‘lgan beshinchi elektrlashtirilgan tramvay yo‘nalishlari ochildi.

1917 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Muxtoriyatining muvaqqat hukumati Mavludi Sharif bayrami kuni, ya’ni 13 dekabrni “Turkiston Muxtoriyatining milliy jamg‘armasiga pul yig‘ish kuni” deb e’lon qildi. To‘plangan pul mustaqillik va ozodlikni saqlashga sarflananishi aytildi.

1917 yil (bundan 103 yil oldin) – jarroh, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Vosit Vohidov tavallud topdi (vafoti 1994 yil). U O‘zbekistonda birinchi bo‘lib yurak, o‘pka, qontomirlar va qizilo‘ngachda operatsiyalar o‘tkazgan.

1918 yil (bundan 102 yil oldin) – tarixchi Avaz Yermetovning O‘zbekiston Milliy Arxividagi R-39-fond, 1-ro‘yxat, 644-ish, 39–40-varaqlarga tayanib ma’lumot berishicha, “Rossiya Sovet Federatsiyasining Turkiston Respublikasi Ishchi-dehqon sovet militsiyasi to‘g‘risidagi Nizomi” ishlab chiqildi hamda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan tasdiqlandi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, militsiya tarixini O‘rta Osiyo xonliklaridagi ma’muriy lavozim hisoblangan mirshablar faoliyati bilan bog‘lash mumkin. O‘rta Osiyo Rossiya tomonidan istilo qilingach, politsiya xizmati yo‘lga qo‘yilgan. 1917 yil 28 oktyabrda sovetlar hukumatining vakolatiga binoan, Ichki ishlar xalq komissarligi “Ishchi militsiyasi to‘g‘risida” qaror qabul qilgan edi.

1924 yil (bundan 96 yil oldin) – tarixchi Dilshod Komolovning O‘zbekiston Milliy Arxividagi R-87-fond, 1-ro‘yxat, 3-ish, 17–18-varaqlarga asoslanib qayd etilishicha, O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining qarori bilan Sobiq Rossiya Oliy sudining Turkiston bo‘limi o‘rniga O‘zbekiston SSR Oliy sudi tashkil qilindi. Bu jarayondagi tashkiliy masalalar bilan Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi Inqilobiy qo‘mita shug‘ullandi.

Respublika inqilobiy qo‘mitasi o‘zining shu kungi majlisida O‘zbekiston SSR Oliy sudini tashkil etish va uning tarkibini tasdiqlash haqidagi masalani ko‘rib chiqdi. Oliy sudning tarkibi rais, birinchi bosqich bo‘yicha sudlov hay’atining raisi hisoblangan rais o‘rinbosari, kassatsiya hay’atining raisi va hay’atning olti a’zosidan iborat edi. A.Sh. Sharofuddinov O‘zbekiston SSR Oliy sudining birinchi raisi etib tasdiqlandi.

2017 yil (bundan 3 yil oldin) – Toshkent Fotosuratlar uyida buyuk davlat va jamoat arbobi, xalq sevgan adib Sharof Rashidovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Murakkab davrning matonatli shaxsi” nomli fotoko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmadan Sharof Rashidovning rasmiy uchrashuv va anjumanlarda, oilasi, keng omma va do‘st-birodarlari davrasida o‘tkazgan onlari, sermazmun hayoti va faoliyatini aks ettirgan fotosuratlar joy oldi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi

O‘zA