O‘tgan yilning dekabr oyida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yoshlar bilan uchrashuvida yoshlarning bandlik, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash, kitobxonlikni ommalashtirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha murojaat, taklif va tashabuslarini eshitgan, ularning aksariyatini shu yerning o‘zida ijobiy hal etgan, ayrim murojaat va takliflarni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan edi.
Jumladan, muloqotda Andijon tumani Teraktagi mahallasida yashovchi 12 yoshli Asadillo Roziqov viloyat hokimidan o‘z mahallasida kutubxona tashkil etib berilishini so‘ragandi.
Viloyat hokimi yosh kitobxonning ushbu iltimosini qo‘llab-quvvatlab, davlatimiz rahbarining yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasidagi vazifalari ijrosi sifatida mutasaddilarga bir oy ichida Teraktagi mahallasida mo‘’jazgina kutubxona tashkil etish yuzasidan topshiriq berib, ushbu kutubxonani Asadbekning o‘zi boshqarishini aytib o‘tgan edi.
[gallery-15740]
O‘tgan vaqt ichida Teraktagi mahallasida mo‘’jaz kutubxona tashkil etilib, zarur jihozlar, o‘zbek, jahon adabiyoti durdonalari, shuningdek, bolalarga mo‘ljallangan badiiy kitoblar bilan ta’minlandi.
Bugun mahalla nuroniylarning duolari bilan ushbu kutubxona foydalanishga topshirildi. Endi o‘n ikki yoshli Asadbek boshqaradigan kutubxona mahalla yoshlari bo‘sh vaqtini o‘tkazadigan gavjum maskanlardan biriga aylanadi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari