Nukus shahridagi Yoshlar markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va Majburiy ijro byurosi tashabbusi bilan ishsiz aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirda aliment to‘lovchi ishsizlar, oliy o‘quv yurtlari, kollej va litsey bitiruvchilari, shuningdek, ishsiz jami 64 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ularga shahardagi 21 ta muassasa, korxona va tadbirkorlik sub’ektidagi mavjud 53 ta bo‘sh ish o‘rni taqdim etildi.
Tadbir davomida 15 nafar fuqaroga doimiy ish o‘rniga, 5 nafar fuqaroga yordamchi tarbiyachi, tikuvchilik, kompyuter operatori kabi kasblarga qayta tayyorlash kurslariga o‘qishga yo‘llanma berildi. Shuningdek, 44 nafar fuqaro mehnat munosabatlariga oid savollariga huquqiy maslahat oldi.
– Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida o‘tkazilgan mehnat yarmarkalarida jami 936 nafar ishsiz aliment to‘lovchi ish bilan ta’minlandi. Albatta, bunday yarmarkalarning o‘tkazilishi, birinchi navbatda, yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan bolalarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, – deydi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi inspektori Azat Utegenov.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri