Inson va tabiat
Taxtiqoracha dovonidan o‘tganmisiz? Balki bu yo‘l haqida eshitgandirsiz. Ha, Sohibqiron bobomiz Amir Temur tomonidan bunyod etilgan saroy va bog‘ nomi bilan ataladigan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi dovon bu.
Ana shu dovondan o‘tayotganda, yilning qaysi fasli bo‘lishidan qat’iy nazar, atrofga boqib, uning go‘zalligi, betakror tabiatidan zavqlanasiz, haybatli tog‘lar va ular bilan bo‘ylashayotgan o‘rmonlarni hayrat va havas bilan tomosha qilasiz. Omonqo‘ton qishlog‘i deyiladi, bu joylar.
Garchi dovon biroz pastroqdan boshlansa-da, hududda Qoratepa, Tersak singari bahavo, ko‘rkam maskanlar bo‘lsa-da, Omonqo‘tonning chiroyi, tabiati o‘zgacha. Shu bois keyingi yillarda mazkur tog‘li hududda turizmni rivojlantirish, bu yerda mahalliy va xorijlik sayyohlarning tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lishi, maroqli hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat, qulayliklar yaratilmoqda. Omonqo‘ton va Tersak mahallalariga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi. Va bu boradagi ishlar ko‘lami yildan-yilga kengayib bormoqda.
Lekin hozir bu haqda emas, mazkur hududning o‘simlik va hayvonot dunyosi turlarini, o‘rmon resurslarini muhofaza qilish, ko‘paytirish va qayta tiklash maqsadida bundan to‘rt yil avval tashkil etilgan “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i haqida hikoya qilmoqchimiz.
– “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 martdagi qarori bilan Samarqand viloyati Urgut tumani Omonqo‘ton tog‘li hududida tashkil etilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departartamenti tasarrufidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i direktori Azamat Amrullayev. – Urgut ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining 1,5 ming gektar yer maydoni milliy bog‘ uchun berildi. Bu yer maydonning 1000 gektari qo‘riqxona zonasi, 400 gektari rekreatsion va 100 gektari xo‘jalik yuritishga mo‘ljallangan yerlar hisoblanadi. Asosiy maqsad mazkur hududda noyob hamda yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi o‘simlik va hayvonot dunyosi turlarini, o‘rmon resurslarini muhofaza qilish, takror ko‘paytirish, qayta tiklash hamda o‘rmon fondi yerlarida ekoturizmni yanada rivojlantirishdir. O‘tgan qisqa vaqt davomida ushbu maqsad yo‘lida muayyan ishlarni amalga oshirishga erishdik. Birinchi navbatda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunga asosan, bog‘ hududida o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylashga e’tibor qaratildi. Avvallari aholi tomonidan hududda chorva mollari boqish, daraxt yoki butalarni kesish, dorivor o‘simliklarni terib olish odatiy hol bo‘lgan. Biz bunga barham berdik, milliy tabiat bog‘i tartib-qoidalarini odamlarga tushuntirdik, targ‘ibot ishlarini olib bordik. Tabiatdan nafaqat biz va bugungi avlod, balki kelajak avlodlar ham bahramand bo‘lishi lozimligi, hudud tabiiy muhitini saqlab qolish eng asosiy vazifa ekanligini tushuntirdik. Milliy tabiat bog‘ida kirib-chiqish joylarida, aholi yashash manzillariga tutash hududlarda nazoratni kuchaytirdik, kezi kelganda, tartibga bo‘ysunmaganlarga chora ko‘rdik.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Omonqo‘tonda 1300 turdan ziyod noyob o‘simlik va daraxt turlari, 120 turdan ko‘proq hayvon va jonzotlar yashaydi. Ularning aksariyati O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Bugungi kunda bog‘da 15 nafar xodim ana shu noyob boylikni asrab-avaylash mas’uliyatini o‘z zimmasiga olib mehnat qilmoqda.
– Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tabiat o‘ziga keldi, hayvonot dunyosi – qushlar, sudralib yuruvchilar sezilarli darajada ko‘paydi, bo‘ri, tulki, quyon kabi jonzotlar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda, noyob o‘simliklar, xususan, ularning “Qizil kitob”ga kiritilgan 37 turi oldinlari kam uchragan bo‘lsa, hozir hududda keng tarqaldi, – deydi Azamat Amrullayev. – Hudud o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash va ko‘paytirish, yangi noyob turlarni aniqlash hamda ularni “Qizil kitob”ga kiritish maqsadida ilmiy izlanishlar olib borish uchun Samarqand davlat universiteti botanika, zoologiya kafedralari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Olim va mutaxassislarni taklif etib, hudud tabiatni o‘rganish, yo‘qolib borayotgan turlarni ko‘paytirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kirishdik. Misol uchun, Omonqo‘ton tog‘ lolasini invitro usulida ko‘paytirish bo‘yicha tajriba o‘tkazdik va bu sinov muvaffaqiyatli o‘tgach, katta hududlarda ekib, o‘tgan yil juda go‘zal bir manzara yaratildi. Bu tajriba milliy tabiat bog‘ida yana boshqa noyob o‘simliklarni ham shu tarzda ko‘paytirish mumkinligini ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, milliy tabiat bog‘ida ov qilish taqiqlangani tufayli ko‘chib yuruvchi qushlar va boshqa hayvonlar ham yil fasllarining ma’lum paytlarida bizning hududga kela boshladi. Masalan, yetmish yildan buyon kelmagan Zarafshon qirg‘ovuli yana Omonqo‘ton tog‘larida paydo bo‘ldi. O‘tgan yil bog‘imizga tutash Qoplotonsoy degan joyga ona ayiq ikki bolasi bilan kelganini ko‘rdik. Bir vaqtlar bu tog‘larda ayiq bo‘lgan, lekin keyinchalik yo‘qolib ketgan edi. Hudud milliy tabiat bog‘iga aylantirilib, muhofazaga olingach, yovvoyi hayvonlar o‘rmonlarga qaytmoqda. Hozir tog‘larimizda bo‘ri, tulki, quyon va boshqa hayvonlar uchraydi.
[gallery-27079]
Omonqo‘ton tog‘larida bir necha yuz yillik Zarafshon tog‘ archasi, achchiq bodom, do‘lana, uchqat va boshqa ko‘plab noyob daraxt va buta ko‘chatlari o‘sadi. Bu yerda 1878 yilda Yevropa o‘rmonlarida o‘sadigan aylant, akatsiya, zarang, eman, yasen, qirim qarag‘ayi singari daraxt ko‘chatlari ekilgan va ayni paytda bu daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zib hududni quyuq o‘rmonzorga aylantirgan. Azamat Amrullayevning qayd etishicha, keyingi yillarda milliy bog‘ hududida chorva mollari boqilishiga barham berilishi va muhofaza choralarining kuchaytirilishi natijasida noyob daraxt va butalarning urug‘i yoki tomiridan ko‘payishi kuzatilmoqda. O‘tgan yil kuzda o‘tkazilgan monitoringda milliy bog‘ hududida bir million tupdan ortiq shunday nihollar o‘sgani aniqlandi. Shuningdek, tog‘ etagidagi bir paytlar suvi to‘xtab qolgan o‘ndan ortiq buloqlar yana ko‘z ochib, ulardan zilol suv oqmoqda.
Albatta, bu natijalar “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i xodimlarining qisqa fursatda amalga oshirgan zahmatli mehnatlarining ilk samaralari va ular bu yo‘lda doimiy izlanishda. Binobarin, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni butun go‘zalligi, nabotot va hayvonot olami bilan asrab-avaylash bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Agar yo‘lingiz tushib, Taxtiqorachadan o‘tayotgan bo‘lsangiz, albatta, Omonqo‘tonda to‘xtab o‘ting, uning go‘zal tabiatidan, musaffo havosidan bahramand bo‘ling!
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cFKzHK7YFrM" title="Omonqo‘tonga ayiq qaytdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (video, surat),
O‘zA muxbirlari