French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘monliklar Behbudiy merosini o‘rganmoqda
11:34 / 2025-05-29

O‘mon Sultonligida “Baytul qiroa” (Qiroat uyi) jamoasi bilan hamkorlikda Turkiston jadidlik harakati asoschisi, atoqli adib, jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan ma’rifat kechasi tashkil qilindi.

Mahalliy kitobxonlar Behbudiy merosining ahamiyati, uning ibratli hayot yo‘li, umrini baxshida etgan hayotbaxsh g‘oyalari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldidar.


Tadbirda ilm orqali o‘sha davr Turkiston jamiyatini isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan g‘oyalar, allomaning shu yo‘ldagi mislsiz sa’y-harakatlari xususida fikr almashildi.

غدًا .. سلطنة عُمان تشارك دول العالم الاحتفال باليوم العالمي للإبداع  والابتكار – صحيفة الصحوة

– Behbudiyning birlik haqidagi tushunchasi – turli qatlam va toifalarni bir xalq, yagona Vatan ichra birlashtirishga qaratilgan edi, – deydi doktor Jihod bint Jabr Al-Busaidiy. – U ona tili nafaqat muloqot vositasi, balki madaniy o‘zlikning asosi, meros va bilimni asrashda muhim vosita ekanini yaxshi anglardi. Til pokligini saqlashga e’tibori Mahmudxo‘janing islohotchi sifatidagi qarashida muhim o‘rin tutgan. Adib tarjimai holining eng go‘zal jihati – javobdan ko‘ra, ko‘proq savol qo‘yishida. Kishi kitob o‘qiganda bir vaqtning o‘zida o‘ylaydi, izlanadi va tahlil qiladi.

Meni bir narsa o‘ylantiradi: Agar Behbudiy o‘zi haqida yozganda bu asar doktor Ahmad Musa yoki ustoz Bahodir Pirmuhammadov tayyorlagan tarjimai holdan farq qilarmidi? Menimcha – ha. Zero, inson o‘zi haqida bera oladigan ma’lumotni boshqa birov ayta olmasligi mumkin va aksincha.

Sayyoh Behbudiy nima sababdan o‘z kuzatuvlarini yozishdan to‘xtagan? Qo‘lyozma yo‘qolganmi? Yo o‘g‘irlanganmi? Ehtimol o‘zi barchasidan voz kechgandir? Va nega? Bu savollarga faqat uning o‘zi javob bera olardi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning qaysi qiyofasi eng kuchli ta’sirga ega? Teatr arbobi ekanligimi? Sayyohligimi? Yoki noshirligimi?

Fikrimcha, bu savolga javob berish qaysi burchakdan qarashga bog‘liq. Shaxsan men uchun eng ta’sirli qiyofa – noshir Behbudiy. Axir, matbuot uning g‘oyalarini chuqur va muntazam tarzda tarqatishga xizmat qilgan strategik vosita edi-da! Shu bilan birga davriy nashrlar turli qatlamdagi o‘quvchilarga yetib borib, jadidona fikriy merosni kelgusi avlodlarga o‘tkazgan.

Mahmudxo‘janing sayyoh sifatidagi qiyofasini ham chuqurroq o‘rganish zarur, chunki aynan sayohatlari dunyoqarashini shakllantirib, uni islohotga ilhomlantirgan.
Teatr arbobi sifatidagi qiyofasi esa, shubhasiz, noshirlik tajribasini boyitgan, g‘oyalarini odamlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tahrir yoki noto‘g‘ri talqin qilish ehtimolisiz yetkazishda muhim o‘rin tutgan.

Va nihoyat... vasiyat haqiqatan qimmatli manba. Shu orqali Mahmudxo‘ja Behbudiy kimligini teran anglash mumkin.

– Samodan kelayotgan nur inson yo‘ldan adashganda titraydi, Mahmudxo‘ja shu nurli xalqani abadiy harakat va bardavom ta’sir bilan ifodalashga harakat qildi, – deydi Ibtisom Al-O‘moniya. – Bu yerda biz din, inson, Vatan muammolarini yelkasiga olgan buyuk shaxslar tarjimai holi bilan tanishib, ular shaxsini chuqurroq anglaymiz. Tartibsizlik, ajralish va qaramlik urushi orasida Behbudiyning qalami beqiyos hikmat namoyon etadi. U hayoti davomida dinning haqiqiy asosi va qadriyatini tiklagan. Allomaning fikricha, dinning eng oliy maqsadi – inson. Jaholat – fanatizm mevasi bo‘lib, har qanday urushdan xavfli!

Mahmudo‘ja Behbudiy dunyo kezdi, safar qildi. Har qanday holatni jonli, harakatsiz manzarani esa his etib tasvirlagan. Qo‘llari esa noma’lumni ma’lumga aylantirib, inson ruhini olam kengligi va yaratuvchi mukammalligi bilan boyitib bordi. Olamning buyukligi, har bir inson betakrorligini angladi.
Xulosa sifatida aytishim mumkinki, millatni yuksaltirish uchun faqat bilimning o‘zi yetarli emas. Aynan haqiqat va ma’rifatga yetaklovchi mash’ala – safar orqali kishi dunyo chegarasini topadi, sunnatni uqadi, shunga mos yashashni o‘rganadi.

– Kitobda men kuzatgan eng muhim jihat: islohot uchun kun tartibi, – deydi Suhayr Tolib Al-Husaniya. – Turli zamon va makonda islohotga qanday yondashuv zarur? Masalan, islohotchi Mahmudxo‘ja Behbudiy uchun eng muhim vazifa ta’limni yaxshilash, aniqrog‘i tizimni qayta shakllantirish edi. U ta’lim aqidaga mos, fikriy ochiqlikni rag‘batlantiradigan bo‘lishi kerak, deb hisoblagan, jamiyatni ko‘r-ko‘rona g‘oyalarga ergashishdan, mustamlakachi siyosatini qabul qilib, millatni yo‘qotishdan asrash maqsadini ilgari surgan.
Albatta, bunday yangilik jamiyatning qarshiligiga duch keladi. Binobarin, ba’zi ulamolar jadidlarni “kofir” deb atagan, chunki ularning fikri an’anaviy uslubga yangicha yondashuvni ifodalardi.

Islohot yo‘lidagi qadamlardan biri – maktab ochish. Faqat avval isloh etiladigan tizimning ichiga kirib, jarayon qanday kechishi, nimani o‘zgartirish lozimligini bilish kerak edi. Zero, shu orqaligina islom madaniyatini xalq orasida bosqichma-bosqich tarqatish mumkin. Mahmudxo‘janing millat tiliga ehtiromi, shu tilni atrofdagi boshqa tillar ta’siridan muhofaza qilishga intilishi milliy o‘zlikni saqlashga qaratilgan muhabbat va amaliy sa’y-harakatdir. Uning safarlari esa shaxsini rivojlantirgan eng muhim omil sifatida har bir inson uchun o‘zini tanish va tuzatish, keyin jamiyatni isloh qilishga kirishish namunasidir.

– Kitob muqovasini ilk bor ko‘rganimda, taxallus e’tiborimni tortdi va ma’nosini topishga kirishdim, – deydi Naho Sanhoniy. – Shu asnoda sharh uchun g‘oya paydo bo‘ldi – kitob emas, balki yaqindan bilish baxtiga muyassar bo‘lganim – mutafakkir va ma’rifatparvar shaxs.

Aytadilarki, ism insonning taqdirini belgilaydi. Balki Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z taqdirini o‘zi yozgandir...

Mahmud shunchaki ism emas, balki sazovor bo‘linuvchi nom. Behbudiy bu nomga haqli – xuddi uzun va qorong‘i yer osti yo‘li oxiridagi yorug‘likdek. Uni odamlar faqat yaxshi ko‘rgani uchun emas, balki hayotida o‘z qadri, sha’nini ko‘rgani uchun maqtagan. Mahmud o‘zi emas, boshqalarni deb yashadi.

Xo‘ja odatda din va ilm ahliga tegishli maqom. Behbudiy esa shu ma’noga yangi nafas baxsh etdi. An’anaviy emas, balki yangilikka intilgan xo‘ja sifatida dinni kishilarni uxlatuvchi emas, ozodlikka yetaklovchi kuchga aylantirdi. So‘zni minbardan amal maydoniga olib o‘tdi. U shubhasiz shayx, qo‘rqmas muallimdir.
Behbudiy faqat taxallus emas, taqdir ham. Forsiyda “behbud” yaxshilash, isloh ma’nosini anglatadi. U o‘z ismidan loyiha, loyihasidan g‘oya, g‘oyasidan amal yaratdi. Maktablar ochdi, gazetalarni ta’sis etdi, dramalar yozdi, sayohat qildi. Islohotni buzish emas, balki insonni o‘z aqli, tafakkuri, sha’ni yordamida shakllantirish, deb bildi.

Qisqasi, u Mahmud, ya’ni samimiy edi. Xo‘ja edi, chunki o‘qitdi. Behbudiy edi, chunki isloh qildi. U o‘z ismini uch xil mukammal ma’noga aylantirdi: shuhrat, ilm va risola. Demak, bu ism tasodif emas, aksincha allomaning hayotiga qo‘yilgan aniq sarlavha. Uning hayoti tarix vijdonida va hammamizning qalbimizda shivirlab turibdi: Islohot shior emas, taqdir.

– Islohotchi va yangilikparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy umrining alamli va qayg‘uli yakuni menga qattiq ta’sir qildi, – deydi Rahma Al-Vuhaybiy. – U hech qachon toifaparast yoki irqchilik tarafdori bo‘lmagan. Aksincha, millat birligiga, jamiyat va dinlar o‘rtasidagi hamjihatlikka da’vat qilgan, Vatanni yuksaltirish yo‘lida xizmat qilishni oliy maqsadga aylantirgan.
Afsuski, shu darajada xolis va ulug‘ niyatli ekanligiga qaramay, tuhmat va zolimlik qurboniga aylandi. Haqiqiy adolatsizlik ila nohaq qatl etildi.
Shahid ketishidan avval u o‘z do‘stlari va shogirdlariga vasiyat qildi:
– Ilm tarqatinglar, jaholat qorong‘iligidan odamlarni qutqaringlar!

Dunyo Behbudiydek o‘tkir zehnni yo‘qotdi.

“Madaniy kitobxonlik uyi” rahbari Halima Al-Balushiy O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bir-biriga o‘xshash O‘mon va O‘zbekiston madaniyatining ajoyib qiyofasini kashf qilganidan mamnunligini bildirdi. Mazkur arab davlatining faol ziyoli ayollarini birlashtirgan “Qiroat uyi”da Mahmudxo‘ja Behbudiy shaxsi, tarjimai holi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo ahlini ilhomlantiruvchi manba ekanini e’tirof etdi:

– Behbudiyning buyukligi shundaki, u millat taraqqiyoti uchun hamisha dolzarb bo‘lib qoladigan, barcha davr va zamonga tegishli muammo va masalalar o‘q tomiriga nazar solib, har qanday illatga aniq tashhis qo‘ya olgan, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish chorasini ham ilmiy, hayotiy jihatdan asoslab bergan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA