Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘monlik tadbirkorlar ham Toshkent investitsiya forumida ishtirok etadi
20:54 / 2024-04-30

2-3-may kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik doirasida mamlakatimizning O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Hotamov ushbu davlat Savdo-sanoat palatasi raisi Shayh Faysal Ravvos va mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va O‘monni tarixan bog‘lab turuvchi rishtalar, barcha sohalarda rivojlanib borayotgan aloqalarning joriy holati va istiqboli xususida fikr almashildi.

Mezbonlarga yurtimizda so‘nggi 7-yil mobaynida amalga oshirilgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda O‘mon Savdo, sanoat va investitsiya vaziri Qays bin Muhammad Al-Yusufning ishtiroki e’tirof etilib, mahalliy tadbirkorlarga ham ishtirok etish taklifi bildirildi.

Anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim ahmiyat kasb etishi, an’anaga muvofiq, dasturga davlat rahbari darajasidagi yalpi majlis, turli masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan ekspertlarning 50 dan ziyod uchrashuvi, jumladan munozara, davra suhbatlari, B2B formatidagi muzokaralar, sho‘ba majlislari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishi kabi 40 dan ortiq tadbir kiritilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, qator loyihalarni ishga tushirish marosimi ko‘zda tutilgani aytildi. Forumning har bir ishtirokchisi hamkorlar bilan manfaat kesishadigan nuqtalarni topishi, muayyan investitsiya loyihalarini o‘rganishi, o‘nlab yo‘nalishlarda ro‘y berayotgan so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilishi va istiqbolli takliflar kiritishi mumkinligi urg‘ulandi. Anjuman kun tartibida dunyodagi iqtisodiy turbulentlik fonida barqaror o‘sish sur’atini namoyish etayotgan, bosqichma-bosqich Markaziy Osiyoning haqiqiy investitsiya markaziga aylanayotgan O‘zbekiston salohiyatini namoyon etish alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

Eslatib o‘tish o‘rinli, Forum miqyosi va geografiyasi yil sayin oshib boryapti.

2022-yil birinchi forumga 56 davlatdan 2 000 atrofida investor, yuqori martabali mehmon tashrif buyurgan. 2023-yil esa 70 mamlakatdan ishtirokchi jamlangan, jami 11 milliard dollarlik 164 hujjat imzolangan.

Bu yilgi III Toshkent xalqaro investitsiya forumida 84 davlatdan yanada ko‘proq mehmon – 2500 nafar investor, rasmiy va tahlilchi qatnashish istagini bildirgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA