English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘monlik jurnalist yurtimizni vasf etdi
16:33 / 2025-11-28

O‘mon Sultonligida uch oyda bir marta nashr etiladigan “Al-Takween” jurnali elektron nashrida “Oman” gazetasi muxbiri, jurnalist Salim bin Hamdan Al-Husayniyning O‘zbekistonga bag‘ishlab yozgan qasidasi e’lon qilindi. Ushbu muallif yurtimiz vasf etilgan navbatdagi asarida ko‘p asrlik tarixiy qadriyatlarimiz, milliy me’morchilik merosimiz, hunarmandlik an’analarimiz tasvirlangan.

Joriy yil sentyabr oyida do‘stlari bilan diyorimizga kelgan bu hamkasbimiz she’riy misralari orqali O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning durdonasi, deya tavsiflaydi. Tarixiy ahamiyati, geografik joylashuvi bilan mutanosib ravishda mamlakatimiz xalqaro mavqeini mustahkamlashga intilayotganini ta’kidlaydi. Yurtimizning shonli tarixi, betakror tabiati, o‘ziga xos madaniyati va buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosidan ilhomlanganini e’tirof etadi.

“Yer yuzining sayqali – Samarqand, Islom olami madaniyati poytaxti – Buxoroi sharif, gullar shahri – Namangan hamda Toshkenti azim sayri”dan olingan taassurot asosida yozilgan ushbu bitik yana bir o‘monlik tadbirkor Abdulloh Ar-Rahbiy tomonidan kuylanib, muxlislar qalbiga kirib bordi. Jumladan, asarda “O‘zbekiston… ulug‘lar zamini sen, Shon-shuhrat manbai, ardoqli Vatan” singari go‘zal misralar bor.

– Yurtimizga bag‘ishlangan mazkur qasida do‘stona, chuqur o‘zaro hurmatga asoslangan O‘zbekiston – O‘mon munosabatining o‘ziga xos ramzidir, – deydi Elchi Abdusalom Hotamov.

M.Pirmatova, O‘zA