Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Omonat simyog‘ochlar, tartibsiz liniyalar va nochor elektr ta’minoti
18:04 / 2025-07-08

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Tumorchi qishlog‘i aholisidan kelgan murojaatga ko‘ra, G‘alabaning 40 yilligi ko‘chasidagi xonadonlar bir necha yildan buyon elektr ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, beton ustunlar tez eskirib, xavfli holatga kelgan. Har bir xonadonga qo‘lbola simyog‘ochlar orqali tok uzatilib, tartibsiz va xavfli liniyalar shakllangan. Kuchli shamollar oqibatida simlar bir-biriga chalkashib qoladi va elektr ta’minotida uzilishlar bo‘ladi. Bu esa mahalla aholisini uzoq vaqtdan buyon qiynab keladi.

– Tumorchi Qarshi tumanining eng chekka qishlog‘i sanaladi, shu bois bu yerga e’tibor kam, – deydi murojaatchi Toyir Jumayev. – Simyog‘ochlar yaroqsiz ahvolda, maktab bolalari yo‘ldan o‘ta olmay qolmoqda. Mas’ullar va’da beradi, lekin amalga oshmaydi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi.

Aholi so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ishlar boshlangan. Uylarning orqasidan tortilgan yopiq kabellar aholiga qandaydir umid ham bergan.

[gallery-24220]

– O‘sha paytda xursand bo‘lgan edik, lekin ish davom etmadi, – deydi Guljahon To‘ychiyeva. – Kabellar tarmoqqa ulanmagan holda qolib ketdi. Keyin “Ochiq byudjet” loyihasiga kiritdik, g‘olib bo‘ldik, lekin bu ishlar ham ko‘chamizgacha yetib kelmadi. Mahalla raisi boshqa hududga burib yubordi.

G‘alabaning 40 yilligi ko‘chasida boshlangan beton ustunlar va sim tortish ishlari ham to‘liq yakunlanmagan, xonadonlarga tortib qo‘yilgan simlar tarmoqqa ulanmagan holda qolgan. Yillar davomida bu holat aholini tashvishga solib kelmoqda.

– Kuchlanish juda past, – deydi Guliston Bo‘ronova. – Hatto kir mashina va sovitkich kabi texnika ishlatolmaymiz. Mahallamizga ajratilgan ustunlar oxirigacha kelmagan. Davlat mablag‘lari sarflangan, lekin hech kim hisob bermaydi.

Holatni o‘rganganimizda, eskirgan simyog‘ochlar, tartibsiz chalkash liniyalar aholining haqli noroziligiga sabab ekanligi ayon bo‘ldi. Qo‘lbola simlar nafaqat elektr ta’minotida uzilishlarga, balki xavfli holatlarga ham olib kelishi mumkin.

– Kuchli shamol kelganda yurak hovuchlab, xavotirda qolamiz, – deydi Guljahon To‘ychiyeva. – Qishloq aholisi yozning issiq faslida zarur texnikalardan foydalana olmaslikdan jabrlanmoqda.

– Yaqinda mahalla raisligiga saylandim, – deydi “Saroy” MFY raisi Ismoil Aminov. – Ushbu qishloq shu yil mahallamizga qo‘shildi. Bu muammoni men ham to‘liq angladim. Tuman hokimligiga takliflarni kiritamiz va tez orada ijobiy yechim topishga harakat qilamiz.

Joyida bo‘lgan mas’ullar vaziyatni o‘rganib, rahbarlarning almashinuvi va boshqa sabablar bilan masala e’tibordan chetda qolganini ta’kidladi va qisqa muddat ichida muammoni hal etishga va’da berdi.

– Qarshi tumanidagi Tumorchi qishlog‘idagi holatni o‘rgandik. Haqiqatdan muammo bor, – deydi Qarshi tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi Dilshod Azizov. – Zamonaviy yopiq kabellar tortilgan, lekin ishlar yakunlanmagan. Yaqin kunlarda barcha ishlarni yakunlab, aholini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlaymiz. Simyog‘ochlar masalasi bo‘yicha ham bosqichma-bosqich ish olib boramiz.

Tuman hokimligi va elektr tarmoqlari korxonasi mutasaddilari aholi bilan uchrashuvda vaziyatni yaxshilash uchun tez orada o‘zgarishlar bo‘lishini va’da qildi. Umid qilamizki, bu va’dalar aholini faqat qo‘llab-quvvatlash uchun emas, haqiqatan ham ijobiy natijalarga olib keladi.

Hozirda eskirgan, tartibsiz va xavfli simlar aholi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Shuningdek, bugungi islohotlar asosiy maqsadlaridan biri ham – aholiga barqaror va sifatli yashash sharoitlarini yaratishdir.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari