Tanqid va natija
Joriy yilning iyul oyida saytimizda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Tumorchi qishlog‘i aholisining murojaatiga asosan “Omonat simyog‘ochlar, tartibsiz liniyalar va nochor elektr ta’minoti” sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.

Unda mazkur qishloqdagi G‘alabaning 40 yilligi ko‘chasidagi xonadonlar bir necha yildan buyon elektr ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelayotgani ta’kidlangandi. Xususan, beton ustunlar eskirib, xavfli ahvolga kelib qolgani, ayrim xonadonlarga qo‘lbola simyog‘ochlar orqali tok uzatilayotgani, natijada tartibsiz va xavfli elektr tarmoqlari vujudga kelayotgani qayd etilgandi. Shuningdek, kuchli shamollar oqibatida simlar bir-biriga chalkashib, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida murojaatchilar o‘z fikrlarini bildirishgan.

Voqea joyiga yetib kelgan tuman mas’ullari esa vaziyatni o‘rganib, rahbarlarning almashinuvi va boshqa sabablar bilan masala e’tibordan chetda qolganini ta’kidlab, qisqa muddat ichida muammoni hal etishga va’da bergandi.

Qarshi tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi Dilshod Azizov Tumorchi qishlog‘idagi holat o‘rganilganini, muammo haqiqatan mavjudligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, qishloqda zamonaviy yopiq kabellar tortilgan, biroq ishlar to‘liq yakunlanmagan. Yaqin kunlarda barcha ishlar nihoyasiga yetkazilib, aholi sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanishi, simyog‘ochlar muammosi esa bosqichma-bosqich hal etilishi belgilangan.
Kuni kecha murojaatchilardan xushxabar oldik. Ularning ta’kidlashicha, muammolar bartaraf etila boshlabdi.
Dastlab tarmoqqa ulanmagan yopiq kabellar faoliyatga qo‘shildi, qo‘lbola tortilgan xavfli liniyalardagi muammolar bartaraf etildi. Bir necha kun avval ko‘chaga 10 ta yangi beton ustunlar keltirilib, bugun tuman elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari tomonidan ularni o‘rnatish ishlari boshlandi.
Albatta bunday o‘zgarishlardan uzoq yillardan buyon elektr ta’minoti masalasida qiynalib kelayotgan Tumorchi qishlog‘ining G‘alabaning 40 yilligi ko‘chasida yashovchi o‘nlab xonadon vakillarining ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarildi.
Buning uchun tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarib, fuqarolarning murojaatlarini tinglab, muammoni vaqtida bartaraf qilgan Qarshi tuman hokimligi va tuman elektr ta’minoti korxonasiga ham alohida minnatdorchiligimizni bildiramiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA