Yangi O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish, Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hamda Yaqin va O‘rta Sharq mintaqasidagi davlatlar bilan aloqalarni kengaytirish orqali samarali olib bormoqda.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lgan O‘mon Sultonligining Mudofaa vazirligi milliy mudofaa bilim yurti o‘qituvchi va tinglovchilaridan iborat delegatsiya uchun “O‘zbekiston-2030» strategiyasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘limi boshlig‘i Farrux Hakimov “O‘zbekiston-2030» strategiyasida kelgusi yetti yilda mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan beshta ustuvor yo‘nalish, yuzta aniq maqsad belgilanganini ta’kidlab o‘tdi, deyiladi "Taraqqiyot strategiyasi" markazi axborot xizmati xabarida.
Xususan, taqdimotda “O‘zbekiston-2030» strategiyasining beshinchi — “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishi doirasida amalga oshiriladigan muhim maqsad va vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Strategiya orqali istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, keng mintaqalarni bog‘lovchi va O‘zbekistonning jahon bozoriga chiqishiga imkon yaratuvchi transport-logistika yo‘laklarini shakllantirish, Qurolli Kuchlar qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan roli va o‘rnini oshirish, xalq farovonligi, tinchligi, inson huquqlari kafolatini ta’minlaydigan adolatli davlat qurishda, mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirib, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishda ahamiyatlidir.
Tadbir yakunida "O‘zbekiston-2030" strategiyasining ijrosi hamda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi do‘stona aloqalar rivoji haqida ham so‘z bordi.
O‘z navbatida O‘mon sultonligi Mudofaa vazirligi Milliy mudofaa bilim yurti vakillari "O‘zbekiston-2030" strategiyasining mamlakat rivoji va istiqboli uchun muhim hujjat ekanligini ta’kidlashdi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA