Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Omon Muxtor sermahsul ijodkor
17:30 / 2021-07-23

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Omon Muxtor tavalludining 80 yilligi munosabati bilan adib yashab, ijod qilgan xonadonga yodgorlik lavhi o‘rnatildi.

Xotira tadbirida yozuvchi va shoirlar, adibning shogirlari tomonidan ijodkorning hayoti va ijodi haqida iliq fikrlar bildirildi. Uning rang-barang, mazmunli ijodi yosh avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi.  

 - Omon Muxtor shoir, yozuvchi, tarjimon hamda marketingni yo‘lga qo‘ya oladigan yaxshi bosh muharrir ham edi, - deydi «Sharq yulduzi» va «Zvezda vostoka» jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf. - U jurnalga bosh muharrirlik qilgan davrlarda tahririyat iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgan edi. Ammo u imkon qadar obunani oshirishga, jurnal saviyasini tushirib yubormaslikka harakat qilgan. Omon aka, sermahsul ijodkor bo‘lgan. Badiiy ijodga kirib kelayotgan yoshlarga Omon Muxtor asarlariga murojaat qilishni tavsiya qilaman. Chunki Omon aka so‘zni yaxshi his qilar va undan foydalanishga juda usta ijodkor sanaladi. O‘ylashimcha, Omon Muxtor asarlari tadqiqiga ehtiyoj bordek. Negadir adabiyotshunoslar bu borada oqsamoqda. Adibimizning uzoq yillar jurnalimizda bosh muharrirlik qilgani va o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun ramziy ma’noda bir sonini Omon Muxtor hayoti va ijodiga bag‘ishlamoqchimiz. Adib shogirdlari, muxlislari va adabiyotshunoslarni hamkorlikka chaqiraman.  

 Omon Muxtor 1941 yil 16 iyulda Buxoroda tavallud topgan. Uning birinchi «Chorlar quyoshli yo‘llar» she’riy to‘plami 1966 yilda chop etilgan. Shundan so‘ng u shoir, hikoyanavis, qissanavis, romannavis sifatida yigirmadan ortiq kitob nashr ettirdi. Jumladan, «Nigoh», «Qushlar va tushlar», «Shaharlik kelinchak», «Hayot darvozasi», «Buxorolik donishmand», «Bolalikka sayohat» kabi hikoyalar to‘plamlari, shuningdek, «Uchqur poyezdlar», «Vazifa» kabi hikoyalar, qissalar majmuasini chop ettirdi. U ayni chog‘da «Yillar shamoli», «Egilgan bosh», «Ming bir qiyofa» kabi romanlarini yaratdi. Shuningdek, «Ohang», «Yog‘du», «Marvarid», «Shiddat» kabi she’riy to‘plamlar ham O.Muxtor qalamiga mansub.  

Ijodkor so‘nggi yillarda «Ming yildan so‘ng», «Ming bir qiyofa», «O‘lmagan jon», «Ko‘zgu oldidagi odam» kabi hikoya, qissa va romanlarni ham yaratdi. Uning «Tepalikdagi odam», «Ming bir qiyofa», «Ko‘zgu oldidagi odam» romanlari yaxlit holda «To‘rt tomon qibla» trilogiyasini tashkil etgan. Yana «Ffu», «Ayollar mamlakati va saltanati», «Aflotun» romanlari ham chop etilgan. «To‘rt tomon qibla» trilogiyasi yangicha uslubda yozilgan bo‘lib, kitobxon va adabiy jamoatchilik e’tiborini tortgan. Bolalar uchun «Buvim ertak aytadi», «Kunlardan bir kun», «Ming yildan so‘ng» kabi she’r, ertak va hikoyalar to‘plamlarini ham yozgan.  

Omon Muxtor «Egilgan bosh» romani uchun 1990 yilda Yozuvchilar uyushmasining yillik adabiy mukofotiga sazovor bo‘lgan. Adib tavalludining ellik yilligida unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi faxriy unvoni berilgan.  

D. Mamatova, O‘zA