Ommaviy yugurish marafoni o‘tkazildi
Guliston shahrida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va sportni yanada ommalashtirish maqsadida navbatdagi ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi. Tadbir Sirdaryo viloyati hokimligi, sport bo‘limlari, Ichki ishlar va Milliy gvardiya boshqarmalari hamda “Indorama” kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Marafonda mahalliy aholi bilan bir qatorda xorijlik fuqarolar ham ishtirok etdi. Har bir ishtirokchi o‘z jismoniy tayyorgarligi va imkoniyatidan kelib chiqib, 1, 3 va 5 kilometr masofalar bo‘yicha bellashishdi.

Bellashuv natijalariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar maxsus mukofotlar, diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.


Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bunday ommaviy sport tadbirlari aholi o‘rtasida sog‘lom hayot tarzini qaror toptirish, yoshlarning jismoniy va ma’naviy rivojiga hissa qo‘shish, shu bilan birga mahallalardagi sport infratuzilmasini rivojlantirishda yordam beradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri