Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ommaviy tartibsizliklar uchun qanday javobgarlik bor?
15:03 / 2022-07-04

Huquqiy munosabat

Fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilish, miting, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish kabi holatlar ommaviy tartibsizlikka kiradi. 

Xo‘sh, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslik, ommaviy tartibsizlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilishga qanday choralar ko‘riladi?  

Ushbu savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti xodimi, huquqshunos Muxriddin Shamsiddinov javob berdi. 

– Ommaviy tartibsizliklarning faqat tashkilotchilari va ishtirokchilari agarda ular bevosita qirg‘inlar qilishda, vayronagarchiliklar, o‘t qo‘yishlar va boshqa shu kabi harakatlarni sodir etgan bo‘lsalar yoki hokimiyat vakillariga qurolli qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsalar, Jinoyat kodeksining (keyingi o‘rinlarda JK) 244-moddasi bilan jinoiy javobgar bo‘ladilar.  

Agar bir guruh shaxslarning harakatlari jamoat tartibini buzsa, lekin qirg‘inlar qilish, vayronagarchiliklar, o‘t qo‘yishlar va boshqa shu kabi harakatlar bilan birgalikda sodir etilmagan bo‘lsa, bunday harakatlar ommaviy tartibsizliklar deb hisoblanishi mumkin emas, tegishli holatlar mavjud bo‘lsa, JKning 277-moddasi bilan javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi. 

– Omma oldida da’vat qilishda ham javobgarlik bormi? 

– Ommaviy tartibsizliklar va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Agar ommaviy tartibsizliklarga omma oldida bir guruh shaxslar tomonidan yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali da’vat qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

– Agar ommaviy tartibsizliklar hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilsa, bunga qanday chora ko‘riladi? 

– Qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish — o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA