Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ommaviy tartibsizlik sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tgan va uni moliyalashtirgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi
19:11 / 2025-02-21

Jahonda yuz berayotgan notinchlik, ommaviy tartibsizliklar va keskinliklar davlatlar tinchligiga putur yetkazib, xalqlarning o‘zaro do‘stligi hamda osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ayrim jinoiy guruhlar esa qonunchilikdagi bo‘shliqlardan foydalangan holda ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirish hamda ularni tashkil etish uchun maxsus tayyorlangan shaxslarni jalb etish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Senatning yalpi majlisida shu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Senatorlar muhokama qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun yuqoridagi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.  

– Jinoyat kodeksining 244 - moddasida ommaviy tartibsizliklar tashkil qilganlik, ularda faol qatnashganlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan, – dedi Senat a’zosi Qutbiddin Burhonov. – Biroq kodeks bilan ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik, jumladan, qurol-yarog‘, portlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa buyumlar bilan muomala qilishni o‘rganganlik hamda ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun yuqorida qayd etilgan bo‘shliqni to‘ldirish hamda jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash maqsadida mazkur qonun ishlab chiqilgan.

Jumladan, Jinoyat kodeksi 244-moddasining uchinchi qismida ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda xuddi shu moddaning to‘rtinchi qismida ushbu harakatlarni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish hamda jinoyatlarni profilaktika qilish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA