Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ommaviy sportga e’tiborni oshiraylik
09:54 / 2021-08-19

Poytaxtimizda Respublika olimpiya zaxiralari kolleji sport majmuasida kamondan otish bo‘yicha yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari, BO‘SM hamda oliy sport mahorati maktablarining tarbiyalanuvchilari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

Murosasiz bahslarda yosh sportchilar 70+70 va 60+60, olimpik raund, jamoa bellashuvi yo‘nalishlarida O‘zbekiston chempionligi uchun kurashishdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, 70+70 bellashuvida 1-o‘rinni farg‘onalik Zokirjon G‘afurov, 2-, 3-o‘rinlar samarqandlik Ozodbek Ungalov va farg‘onalik Shohjahon Abdulhamidovga nasib etdi. Ayollar o‘rtasida esa Irina Savinova, Omina Ergasheva, Guljahon Toshmatova shohsupadan joy egalladi.

Xuddi shuningdek, o‘z yo‘nalishlarida toshkentlik Chen Yao Yuy, Tigran Esanov, Muhammadaziz Qayumov, qizlardan Nilufar Hamroyeva, Munisa Yuldosheva, Qohira Shermamedova sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Qizig‘i, chempionatda Toshkent shahri, Samarqand va  Farg‘ona viloyatlari vakillarigina ishtirok etgan. Vaholanki, mamlakatimizning boshqa hududlaridagi BO‘SM va oliy sport maktabi bo‘limlarida kamondan otish to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.  Ularda murabbiylar o‘nlab sportchilarga mazkur sport turi sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza. O‘tgan yilning shu paytini eslasak. Mamlakatimizda karantin cheklovlari davom etayotgan bir paytda yurtimizning turli go‘shalarida o‘nlab ommaviy musobaqalar o‘tkazilgan edi. Birgina futbol bo‘yicha "Mahallada futbol", "Futbolimiz kelajagi", "Charm to‘p", "Bosh vazir kubogi" kabi turnirlar sabab nafaqat mutaxassislar, balki jurnalistlarning ham “bosh qashish"ga vaqti bo‘lmagandi. Yosh sportchilar, uyushmagan yoshlar, mahallani changitib yurgan yigitchalaru ular ota-onalarining quvonchi bir olam bo‘lgandi.

Bu yil esa garchi karantin cheklovlari yumshatilgan bo‘lsa-da, xalqimizning barcha qatlamlarini qamrab olayotgan musobaqalar, ommaviy sport tadbirlari  juda kam o‘tkazilayotir,nazarimda.  

Albatta, bugungi kunda professional sport musobaqalari mamlakatimizning bir qator mintaqalarida davom etmoqda. Shu kecha kunduzda Farg‘onada voleybol, Toshkentda shaxmat bahslari qizg‘in pallaga kirgan.. Yurtimiz sportchilari xalqaro maydonlardagi turnir va chempionatlarda qatnashishyapti. Lekin katta sport maydonlariga yo‘l ommaviylikdan boshlanishini unutmasligimiz kerak.

Yaqinda Prezidentimiz Tokio olimpiadasida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari, soha mutasaddiyu mutaxassislari bilan uchrashuvda yurtimizda sport sohasini rivojlantirish orqali millat genofondini sog‘lomlashtirish Yangi O‘zbekiston poydevorini mustahkamlashda muhim omil ekanligini alohida ta’kidlagan edi.

Mamlakatimizda davlatimiz tomonidan ommaviy sportni rivojlantirish, aholining keng qatlamlarini jismoniy tarbiya va sport tadbirlariga muntazam jalb etish borasida barcha shart-sharoit yaratilgan bir paytda bunday holning ro‘y berishi, ya’ni O‘zbekiston chempionati uchta hudud o‘rtasida o‘tkazilishi achinarli holat emasmi?

O‘ylaymizki, mazkur vaziyatga soha mutaxassislari to‘g‘ri va xolis baho berib, xalqimiz salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladigan ommaviy sport tadbirlarini tashkil etishda jonfidolik ko‘rsatadi, degan umiddamiz. Zero, bugun sport maydoniga kirib kelgan yoshlar orasidan so‘zsiz Vatanimizni xalqaro sport maydonlarida, olimpiya o‘yinlarida ulug‘laydigan yangi Bahodirlar, Ulug‘beklar, Akbarlar, Eldorlar yetishib chiqsa, ne tong. Faqat vaqt va imkoniyatni qo‘ldan bermasak bo‘lgani.

 

T. Ro‘ziyev,O‘zA