Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ommaviy sport: yoshlar voleybol, shaxmat va shashka o‘yinida bellashdi
12:11 / 2022-03-24

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida talaba-yoshlarning, o‘qituvchi va mutaxassislarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, salomatligini mustahkamlash maqsadida institutda sportning qator turlari bo‘yicha musobaqalar, davra suhbatlarini tashkillashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan.

Dasturga asosan ushbu tadbirlarda nafaqat oliy ta’lim muassasasi talabalari,  o‘qituvchi-mutaxassislari, balki hududga yondosh mahallalarning  yoshlari ham qatnashishi yo‘lga qo‘yilgan.

Yaqinda ta’lim dargohida bo‘lib o‘tgan Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan navbatdagi ommaviy sport musobaqasiga Yakkasaroy tumani «Rakat» mahallasining yoshlari ham jalb etildi. Talaba va yoshlar sportning voleybol, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha bellashdi. 

– Sport musobaqalarida institutimiz talabalari va mahalla yoshlari faol ishtirok etdi. Ular o‘zaro musobaqalashish bilan birga, hozirda yoshlar hayotida uchrab turadigan muammolar, masalalar xususida ham suhbatlashishdi. Bu, institutimizda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligidan dalolat, — deydi institutning  To‘qimachilik sanoat texnologiyasi fakulteti dekani Tohir Murodov.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qalblarida yurtga daxldorlik hissini oshirish va sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng yoyish maqsadida o‘tgan tadbir yakunida musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lganlar, davra suhbatida faollik ko‘rsatganlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

M. Komilova, O‘zA