French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ommaviy qabulda 82 ta murojaat ijobiy hal etildi
13:24 / 2021-03-06

Orolbo‘yida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilingan ommaviy qabullarning navbatdagi kunida Qoraqalpog‘istonning janubiy hududlari – Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlari aholisining muammolari o‘rganildi.

Muloqotlarda har bir murojaat tinglanib, ariza va shikoyatlar soha-yo‘nalishi bo‘yicha hududlardagi mas’ul rahbarlar ishtirokida muhokama qilinmoqda. Yechimi bor masalalar joyida hal etilmoqda.

Jumladan, Ichki ishlar tizimida 10 yil ishlagan Qayrat Rayimbekov ham taqdirning og‘ir sinovlariga duch keldi: 2009 yil oktyabrda pora olish bo‘yicha uyushgan guruh a’zosi sifatida nohaq ayblanib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Oradan olti yil o‘tib, 2015 yil dekabrda Oliy Majlis Senatining amnistiya to‘g‘risidagi qaroriga asosan qamoqdan ozod qilingan.

Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil qilingach, Qayrat Rayimbekov o‘zining nohaq ayblanib qamalganini, to‘la isbotlanmagan ayblari uchun 6 yil 9 oydan ziyod vaqt qamoqda o‘tirganini aytib, sudlanganlikni olib tashlashni so‘rab murojaat qiladi. Qoraqalpog‘istonda tashkil qilingan tadbirda Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura mas’ullarining qabulida bo‘lib, adolat so‘raydi. Uning murojaati har tomonlama sinchiklab o‘rganilgach, 2019 yil undan sudlanganlik olib tashlanadi, 2020 yil 2 sentyabr kuni esa oqlanadi.

Bu galgi ommaviy qabulga masalasi hal bo‘lgani uchun rahmat aytish uchun kelgan Qayrat Rayimbekovning yana bir murojaati qabul qilindi. Qoraqalpog‘iston  Respublikasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi uning ishga tiklash va ma’naviy zarar bo‘yicha da’vo arizasini ko‘rib chiqadigan bo‘ldi.

Amudaryolik Maqsud Xolmurodovning o‘g‘li Rasul Xolmurodov ham profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan vaqtida – 2010 yil 9 sentyabrda 50 ming so‘m pora olganlikda ayblanib, hibsga olinadi. Qariyb 3 oydan so‘ng sudda uning ishi ko‘rib chiqilib, 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, ozodlikka chiqariladi. Endi esa Maqsud Xolmurodov o‘g‘liga oqlov hukimi so‘ramoqda. Murojaatidan so‘ng Oliy sud bu masalani kassatsiya tartibida ko‘rib chiqadigan bo‘ldi.

Yaqinda sudlar birlashtirilgach, Beruniy tumani ma’muriy sudining sudya yordamchisi bo‘lib ishlagan oliy ma’lumotli huquqshunos Dilfuza To‘rayeva ham ishsiz qoldi. U ishlagan shtat birligi qisqartirildi. Ommaviy qabulda Sudyalar Oliy kengashidan o‘z sohasi bo‘yicha doimiy ish topib berishini so‘ragan Dilfuza To‘rayeva fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudiga ishga qabul qilindi.

Amudaryo va Beruniy tumanlaridagi ommaviy qabullar davomida 15 nafar mahkumning ishi ko‘rib chiqildi. Ularning 5 nafari  jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan bo‘lsa, bilib-bilmay xato qilgan, qilmishidan astoyidil pushaymon 10 nafar fuqaroning   jazosi yengilrog‘iga almashtirildi.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Sarbon karvon” mas’uliyati cheklangan jamiyati To‘rtko‘ldagi ikki kanalni qazish ishlarini bajarish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘ladi. Ular bu buyurtmani bajarish uchun to‘rtko‘llik tadbirkor Qarriboy Qurbonboyevning texnikalari xizmatidan foydalanadi. Lekin “Sarbon karvon” mas’uliyati cheklangan jamiyati Qarriboy Qurbonboyevga bajarilgan ish uchun xizmat haqini o‘z vaqtida to‘lab bermaydi. Bu masala sud tartibida ko‘rilib, murojaatchining foydasiga 279 million so‘m undirish belgilangan. Ammo, Buvayda tumani Majburiy ijro byurosi mazkur sud qarorini ijrosini ta’minlamayapti. Bosh prokuratura mas’ullari shu yerning o‘zida bu masala bo‘yicha aniq muddat va mas’ullarni belgilab, mazkur murojaatni ijobiy hal qilishni qat’iy nazoratga oldi.

Amudaryolik Nazokat Tangirova “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Uning ommaviy qabulga kelishidan maqsad – imtiyozli kredit olib, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish. Bosh prokuratura mas’ullari unga kredit, nogironligi bor singlisiga imtiyozli uy-joy olish masalasida yordam beradigan bo‘ldi. Beruniylik Kuavayda Saytxanovaning aliment va propiska bilan bog‘liq masalalariga joyida yechim topildi.

Zubayda Dovudbekova 2010 yilda Ellikqal’adan doimiy ro‘yxatdan chiqib, turmush o‘rtog‘i bilan doimiy yashash uchun qo‘shni davlatlardan biriga ko‘chib ketgan. Ammo uning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi saqlab qolingan. 2015 yilda doimiy yashash maqsadida yana Ellikqal’a tumaniga qaytib kelgan unga fuqarolik pasporti berilmaydi. Bu ayol yaqinda qo‘shni davlat elchixonasiga borib o‘sha davlatda vaqtinchalik yashash guvohnomasini topshirib keldi. Ommaviy qabulda Ichki ishlar vazirligi mas’ullaridan fuqarolik pasportini tiklab berishda amaliy yordam berishni so‘ragan Zubayda Dovudbekovaga shu yerning o‘zida yangi ID-pasporti berildi. Uning 5 yillik muammosi hal qilib berildi.

Amudaryo va Beruniy tumanlarida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilingan ommaviy qabullarda 457 nafar murojaatchining 477 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Ularning 82 tasi ijobiy, 193 tasi huquqiy maslahat berish orqali hal qilindi, 50 ta murojaat egasiga tushuntirish berildi, 152 ta masala nazoratga olindi.

Ommaviy qabul Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli va Chimboy tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA