Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hududi bugun harqachongidan gavjum bo‘ldi. Ertalabdan bu yerga sog‘liqni saqlash, tibbiyot hamda ijtimoiy himoya tizimidagi idora va tashkilotlar, shahar va tuman hokimliklari, hududiy tashkilotlar rahbarlari tashrif buyurib, ommaviy qabulga hozirlik ko‘rildi. Hududga bayramona tus berilib, aholi ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.
Ommaviy qabulga Toshkent shahri aholisi, hatto Toshkent viloyatiga tutash hudud bo‘lgani uchun qibraylik fuqarolar kela boshladi. Masofani inobatga olgan holda Sergeli tumani aholisi uchun maxsus avtobus tashkil etilgani, ayniqsa, sog‘lig‘ida muammosi bor fuqarolar uchun ancha qulay bo‘ldi.
Ularni Vazirlar Mahkamasining ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, “Dori-darmon” AJ, Toshkent shahri va tumanlari hokimlarining ushbu sohaga mas’ul o‘rinbosarlari hamda boshqa idoralar rahbarlari qabul qildi.
Ommaviy qabulda ishtirok etgan “Dori-Darmon” AK mas’ul xodimlari ham aholi marojaatlariga atroflicha javob berib, masala yechimini topishda ko‘maklashdi. Imtiyozli, retsept asosida dori vositalari olish tartibini tushuntirdi.
– Dorixona ochish niyatim bor, – deydi tadbirkor Azimbek Abdurahmonzoda. – Litsenziyani qayerdan, qanday qilib olish kerakligi borasida murojaat bilan kelgan edim. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutasaddilari o‘zlarining kerakli maslahat va tavsiyalarini berdi.
[gallery-9070]
1988 yilda tug‘ilgan, Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Murod Qobilov bir yil oldin ehtiyotsizligi oqibatida yashash uyi derazasidan, ikkinchi qavatdan tushib ketadi. Olti oy davomida shifoxonada yotishiga to‘g‘ri keladi. O‘sha davr mobaynida boshidan operatsiya bo‘ladi. Bemorning so‘zlariga ko‘ra, boshiga “titan” qo‘yiladi. Qarz olib, 10 milliondan ziyod xarajat qiladi.
– Kasalxonadan chiqqanimga ham mana olti oy bo‘ldi, – deydi M.Qobilov. – Haligacha dorilar ichib yuraman. Sog‘lig‘im ko‘tarmagani uchun ishlay olmayman, ayolim ham ishsiz. Ikki nafar farzandim bor. Shu kungacha qarz olib kun ko‘rib kelyapmiz. Endi ularni qaytarish kerak. Shuningdek, ko‘rikdan o‘tish vaqtim kelgan. Unga ham iqtisodim yetmaydi. Shu masalalarda yordam so‘rab, bugungi ommaviy qabulga keldim.
Ommaviy qabul davomida tibbiy ko‘rik ham tashkil etilib, fuqarolarning salomatligi tekshirildi, ularga kerakli tavsiyalar berildi, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi. Murod Qobilov ham shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, nogironlikni belgilash bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
–Bugun Toshkent shahrida tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha ommaviy sayyor qabul, ham tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda, – deydi Prezidentning Toshkent shahar Xalq qabulxonasi rahbari Tohir Mullajonov. – bugungi keng qamrovli sayyor qabulga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Respublikamizning barcha tibbiy markazlaridan tajribali mutaxassislar jalb qilindi. SSVning o‘rinbosarlari qabul jarayonida qatnashishmoqda. Asosan, qabulga Toshkent shahrining 12 tumanidan tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha ko‘p vaqtdan beri hal bo‘lmayotgan muammosi bor fuqarolar taklif qilingan. Qabulga kelgan fuqarolarning ro‘yxati Shahar xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olinadi. Imkon qadar murojaatlarning barchasi shu yerning o‘zida ijobiy hal qilinadi.
Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, bugungi sayyor qabulda 600-650ga yaqin fuqaroni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rilgan. Aholi ommaviy axborot va boshqa vositalar yordamida sayyor qabul o‘tkazilishi haqida xabardor qilingan. Shuningdek, birlamchi bo‘g‘in shifokorlari va hamshiralar o‘z hududlaridagi fuqarolarga xabar berishgan.
Xo‘sh, bu kabi ommaviy qabullar qanday samara beryapti?
– Bu kabi sayyor qabullarda murojaat qilgan aholi ro‘yxati xalq qabulxonalari orqali nazorat qilib boriladi va ularning muntazam davolanishi, order masalalari doimiy nazoratimizda bo‘ladi, – deydi T.Mullajonov. – Tibbiyot tashkilotlari bilan hamkorlikda ularning doimiy ravishda davolanishlari tashkillashtiriladi.
– Mana bugun navbatdagi sayyor qabulimizga 12 ta tibbiyot markazidan mutaxassislar jalb qilingan, – deydi Yunusobod tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Shoira Abdusattorova. – Ikkita ultratovush apparati, ikkita EKG, EXO kardiografiya, ya’ni yurakni UZI qilish apparatlari olib kelindi. Bemorlarning muammosi shu yerning o‘zida hal qilinyapti. Markazlar mutaxassislari konsultatsiyasi bilan birgalikda ularni elektron navbatga qo‘yish jarayoni amalga oshirilyapti.
Shuningdek, ommaviy qabul davomida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham o‘tkazildi.
Kamola Tosheva Toshkent pediatriya tibbiyot institutining magistratura bosqichi 3-kurs talabasi. O‘qishdan bo‘sh paytida ishlab, ham oilasi iqtisodiga ko‘maklashmoqchi, ham olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamlamoqchi. Shu bois, ommaviy qabulda bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi.
– bugungi imkoniyatni qo‘ldan chiqargim kelmadi. Bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishyapman. Yunusobod tumanidagi tibbiyot muassasalarida bo‘sh ish o‘rinlari bor ekan. Bog‘lanish raqamlarimni olishdi. Hujjatlarimni olib borishimni aytishdi, – deydi K.Tosheva.
Yunusobod tumani tibbiyot birlashmasi xodimlar bo‘limi boshlig‘i Nazira Jalilovaning ta’kidlashicha, tumanda o‘nta poliklinika, ikkita shifoxona, uchta dispanser, ikkita stomatologiya, ayni paytda mazkur muassasalarda 70 ta bo‘sh ish o‘rni bor.
– Ommaviy qabulda bizga o‘ndan ziyod talaba ish so‘rab murojaat qildi, – deydi N.Jalilova. – Ulardan bog‘lanish raqamlarini oldik. Tegishli hujjat ishlari amalga oshirilgach, albatta, ularning bandligi ta’minlanadi.
Ko‘tarkinki kayfiyatda o‘tkazilgan keng qamrovli ommaviy qabul fuqarolar og‘irini yengil qilishda, salomatligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA