Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan “Ommaviy madaniyatning yoshlar ongiga zararli ta’siri” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qarshi davlat universiteti talaba-yoshlari, viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida so‘nggi yillarda internet, ijtimoiy tarmoqlar va xorijiy mediaplatformalar orqali keng tarqalayotgan ommaviy madaniyat elementlari milliy an’analarimiz, axloqiy me’yorlarimiz va ma’naviy qadriyatlarimizga putur yetkazayotgani hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan hozirgi globallashuv jarayonida ommaviy madaniyat ko‘rinishlari yoshlarda dunyoqarashini toraytirishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan uzoqlashtirishi, irodasini zaiflashtirishi qayd etildi.

Shuningdek, media maydonda yoshlarni sifatli axborot bilan ta’minlashning bugungi holati va muammolari, axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi, globallashuv sharoitida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda OAVning o‘rni va vazifalari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Yosh avlodni ma’naviy tahdidlar, yot g‘oya va mafkuralardan himoya qilishda ular o‘rtasida milliy g‘oya, ma’naviy tarbiya va axborot savodxonligini kuchaytirish, tanqidiy fikrlashga o‘rgatish va turli ommaviy madaniy ta’sirlarga qarshi immunitetini shakllantirish eng samarali yo‘l ekani ta’kidlandi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar ommaviy madaniyatning salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha o‘z taklif va munosabatlarini bildirdi hamda oldinda turgan ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri