O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan mamlakatimizda texnik sport turlari bo‘yicha yurtimiz sportchilarining natijalarini keng jamoatchilikka to‘laqonli yetkazish yo‘lida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida o‘q otish bo‘yicha “Sport – salomatlik garovi!” shiori ostida o‘tkazilgan musobaqa jurnalistlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularni sport bilan faol shug‘ullanishga keng jalb qilishga qaratilganlik bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Axborot vositalari xodimlari uchun chinakam salomatlik tadbiri bo‘lgan musobaqada ishtirokchilar 10 metr masofaga belgilangan nishonlarni pnevmatik miltiqlarda mo‘ljalga olib, o‘q uzish bahslarida kuch sinashdi.
Qizg‘in, do‘stona, murosasiz kechgan bellashuvning erkaklar bahsida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti mutaxassisi Qahramon Haydarov nishonni aniq olishda g‘oliblikka erishdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar “Sport” telekanali xodimlari Sanjar Zaitov va Sherzod Hojimetovga nasib etdi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda “Yoshlar” telekanali jurnalisti Dinara Rahimova 1-o‘rpini egallagan bo‘lsa, keyingi pog‘onalardan “Sport” telekanalining mahoratli sport jurnalisti Shafoat Talipjanova hamda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi Mavjuda Almanova joy oldi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi jarayonida “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, biatlon, o‘q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi yo‘nalishlarni keng yoritishda xizmat qilib kelayotgan bir guruh soha xodimlariga tashakkurnomalar taqdim etildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA