FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi Namuna massivida 2016-yilda 100 gektar maydonda tashkil etilgan “Gold agro frresh” mas’uliyati cheklangan jamiyati asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, pomidor, bodring, brokkoli, gul karam, bulg‘or qalampiri va turli osh ko‘katlarini xorijiy davlatlarga eksport qiladi. Ayniqsa, Rossiya bozorida “Paradays” navli pomidor mahsuloti xaridorgir.
Yetishtirilayotgan mahsulotlarning urug‘lari esa asosan Yaponiyaning “Sakata” kompaniyasidan xarid qilinib, “Gold agro frresh”ning o‘zida ekiladi va ko‘chati shu yerda tayyorlanadi. Ayni vaqtda 42 gektar maydonga ekilgan pomidor barq urib turibdi. Har gektarda 6 nafardan mavsumiy ishchi qo‘li-qo‘liga tegmay pomidorni qadoqlayotir. Biroq ajablanarlisi shundaki, birorta ham qip-qizarib pishgan pomidorni uchratmadik. “Gold agro frresh” agronomi G‘aybulla Tojiyevning aytishicha, to xaridorlar qo‘liga yetkazib berilguniga qadar bu pomidorlarga yetarlicha rang kiradi.
[gallery-16414]
Janubiy Koreya texnologiyasi asosida faoliyat yuritayotgan mazkur issiqxonada barcha tizim avtomatik tarzda ishlaydi.
- 100 gektar maydon ham aslida butun boshli shaharchadek gap, - deydi bosh agronom G‘aybulla Tojiyev. - Issiqxonani isitish, gaz quvurlarini nazorat qilish, suvni me’yorida tomchilatib ekinlarga yo‘naltirish uchun o‘z mutaxassisi bo‘lishi kerak. Korxonamizda yuzdan ortiq doimiy, 300 dan ortiq mavsumiy ishchilar faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari tag‘in 600 gektar ochiq maydonda ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Maqsadimiz ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA