Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsmanning qiynoq holatlari bilan bog‘liq xabarlarga tezkor munosabat bildirayotgani ijobiy baholandi
15:03 / 2024-03-30

Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.

Ombudsman Feruza Eshmatova 2023-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazorati amalga oshirilganini qayd etdi.  

Milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.  

Takroriy murojaatlarning oldini olish choralari ko‘rilishi tufayli ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, fuqarolarning Ombudsmanga qilgan murojaatlari asosida ularning manfaatlariga qariyb 2 milliard so‘m undirilishiga erishilgan.  

Muhokamalar jarayonida inson huquqlari va erkinliklari sohasida aniqlangan qonunbuzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha ta’sir choralari ko‘rilgani, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari soni oshgani qayd etildi.  

Ayniqsa, OAV va Internet jahon axborot tarmog‘ida e’lon qilingan qiynoq holatlari bilan bog‘liq xabarlarning o‘rganilishi va ularga tezkor munosabat bildirilayotgani ijobiy baholandi.  

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan Ombudsman faoliyati yuzasidan ayrim takliflar bildirildi.  

Qonunda belgilangan ta’sir choralaridan yanada samarali foydalanish, murojaatlarni eng ko‘p kelib tushgan hududlar kesimida o‘rganish zarur.  

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda yaratilgan shart-sharoitlarni va u yerda saqlanayotgan shaxslarning muammolarini o‘rganish maqsadida monitoring tashriflari samaradorligini oshirish joiz.  

Mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.  

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.  

N.Abduraimova, O‘zA