O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Murodulla Normurodov Koson shahridagi 10-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.
Monitoring davomida Ombudsman qutisi ko‘zdan kechirilganda, 11 nafar mahkum tomonidan murojaat qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Mintaqaviy vakil barcha murojaat mualliflari bilan yakkama-yakka uchrashgan holda suhbat o‘tkazib, ularning masalalarini har tomonlama o‘rgandi. Bundan tashqari, 4 nafar mahkum M.Normurodovning shaxsiy qabulida bo‘ldi.
Shundan so‘ng, mintaqaviy vakil mahkumlarning yashash sharoitlari, ovqatlanishi, tibbiy yordam olishi, shuningdek, ularning ishlash sharoitlari bilan tanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu muassasada 1006 nafar mahkum saqlanayotgan bo‘lib, ularning 70 foizi mehnatga jalb etilgan. Katta yoshdagi va betob bo‘lgan mahkumlar ishga jalb qilinmagan.

Koloniyadagi mebel ishlab chiqarish sexi ko‘zdan kechirilganda, uning ta’mirtalab ekanligi hamda u yerda mehnat qilayotgan ba’zi mahkumlarning ustki kiyimlari eskiligi, ularning yangi ust-kiyimlar bilan ta’minlanishi zarurligi yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mintaqaviy vakil monitoring tashrifi doirasida joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishdi.
Mazkur muassasada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov o‘tkazilishi bo‘yicha 605-sonli saylov uchastkasi tashkil etilib, muassasadagi 39 nafar mahkum saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga olingan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari
bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati