Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsmanning monitoring tashriflarida qiynoqlar aniqlanganmi?
17:54 / 2021-12-07

Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan qiynoqlarga chek qo‘yishga qaratilgan choralar belgilandi.

Qarorda Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tomonidan gaupvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism va majburiy davolash muassasalarida qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini o‘tkazish vazifasi belgilandi. 

Qaror ijrosi doirasida Ombudsman tomonidan Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga “monitoring tashriflari”ni amalga oshirish tizimli yo‘lga qo‘yildi.  

2021 yilning 11 oyi davomida 125 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2020 yil yakunlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 71 tani tashkil etgan. 

Ushbu tashriflarning 57 tasi jazoni ijro etish muassasalarida, 21 tasi tergov hibsxonalarida, 11 tasi Vaqtincha saqlash hibsxonalarida, 5 tasi Ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda, 5 tasi Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazlarida va 1 tasi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida o‘tkazildi. 

Ushbu ma’lumotlar Ombudsman matbuot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.  

Ombudsman tomonidan joriy yilning iyul-sentyabr oylarida jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda majburiy davolash muassasalariga, xususan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari filiallarining majburiy davolash bo‘limlariga hamda ushbu viloyatlarning Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalariga, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent va Xorazm viloyatlari, Toshkent shahar hamda ushbu viloyatlarning shahar va tuman sudlari binosidagi vaqtincha ushlab turish joylarida monitoring tashriflari o‘tkazildi. 

Monitoring tashriflari davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan 3,5 ming nafarga yaqin shaxs bilan jamoaviy uchrashuvlar va 738 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. 

Tashriflarda yopiq muassasalarning shaxslarni saqlash sharoitlari, xususan yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi hamda ta’lim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi. 
Monitoring tashriflarini amalga oshirish davomida bir qator kamchiliklar aniqlandi. 

Xususan, Jizzax va Xorazm viloyatlarida monitoring davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda xizmat qilayotgan xodimlarning Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhi to‘g‘risida umumiy tushunchalarga ega emasligi ma’lum bo‘ldi. 
Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslarning yashash sharoitlarida, oziq-ovqat hamda tibbiy va sanitariya ta’minotida kamchiliklar aniqlandi. Tayyorlangan ma’lumotlar tegishli mutasaddi vazirlik va idoralarga yuborildi. 

Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 3 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan. 3 nafar xodim Intizomiy kengashlarda muhokama qilingan va 1 nafar xodim ogohlantirilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun 4 nafar xodimga intizomiy jazo berilgan hamda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshirish bilan bir qatorda, ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslardan hamda ularning yaqin qarindoshlaridan kelib tushgan murojaatlar ham Ombudsman kotibiyatining mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda. 

Joriy yilning o‘n bir oyida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotganlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan 2058 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 50 foizga yaqini “Ombudsman qutisi” va sayyor qabullar orqali qabul qilingan. 

Murojaatlarning 574 tasida sud hukmidan, 536 tasida surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari davomida qabul qilingan qarorlardan shikoyat qilingan bo‘lsa, 250 tasi sud hukmini yengillashtirish, 121 tasi oila a’zolariga ko‘mak berish, 117 tasi tibbiy yordam ko‘rsatish, 116 tasi Ombudsman bilan uchrashish, 78 tasi boshqa muassasaga o‘tkazish va 151 tasi boshqa masalalarda yo‘llangan. 

Surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarining borishidan kelib tushgan shikoyatlar yuzasidan Ombudsmanning xatiga asosan Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 25 ta qaror barvaqt qabul qilinganligi aniqlandi. Ular bekor qilinib, qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilandi. 16 holatda xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi ta’minlangan. 

Tayinlangan jazoni yoki ehtiyot chorasini yengillashtirish yuzasidan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha Ombudsman xatiga asosan o‘nta murojaat yuzasidan tegishli sudlar tomonidan tayinlangan jazolar qonunchilikka muvofiq yengillashtirilgan va ehtiyot choralar o‘zgartirilgan. 

Shuningdek, mahkumlar tomonidan oilasiga ko‘mak ko‘rsatish masalasida kelib tushgan murojaatlar yuzasidan tegishli hokimliklar tomonidan Ombudsmanning xatiga asosan 11 nafar mahkumning oila a’zolariga ijtimoiy-moddiy ko‘mak ko‘rsatilgan hamda 13 nafar mahkum istisno tariqasida yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi jazoni ijro etish koloniyasiga ko‘chirilgan.

       

N.Abduraimova, O‘zA