Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsmanning mintaqaviy vakillari qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
12:32 / 2023-05-24

Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) bugungi kunda shunchaki tuzilma emas, balki amaliy ishlarni ro‘yobga chiqarayotgan, aholi, ayniqsa, mahkumlar dardini aytadigan shaffof tizimga aylanmoqda.

Ombudsman ilgari faqat markazda faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunda barcha hududlarda tashkilotning mintaqaviy vakillari faoliyat yuritmoqda. Ular qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Quyida shular haqida fikr yuritamiz.  

Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazdi. 25 nafarga yaqin fuqaroning murojaatlari eshitildi. Jumladan, ishga joylashish, ijtimoiy yordam, bola puli olish, uyni ta’mirlash, farzandni davolatish kabi masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi.

Murojaatlarning 12 tasi joyida hal etildi, jumladan, 2 nafar fuqaroga 2 million so‘mdan moddiy yordam puli berildi. Bir nafar talabaning kontrakt to‘lovi to‘lab berildi. Bir necha fuqaro bepul oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Qolganlarga zarur huquqiy tushuntirish berildi.  

Bundan tashqari, Sh.Alimovga Mirzaobod tumani “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro X.A. ko‘p qavatli uylardan biriga suv kelmayotgani bo‘yicha murojaat qilgan. Uning tegishli tashkilotlarga qilgan shikoyatlari e’tiborsiz qoldirilgan.

Murojaat nazoratga olinib, “Sirdaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Mirzaobod tumani bo‘limi xodimlari bilan o‘rganildi. Ushbu ko‘p qavatli uylarga suv taqsimlash inshootidan kelayotgan suv quvuri nosoz ahvolga kelib qolgani aniqlandi. Hozirda mazkur nosozlik bartaraf etilib, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Jo‘rayev Navoiy shahridagi 4-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Unda beshinchi mintaqaviy hudud mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshlig‘i podpolkovnik Ikrom Sherov, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti Navoiy shahar huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi Ibodulla Ahadov ham ishtirok etdi.  

Dastlab Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish Departamentining 5-mintaqaviy hudud muvofiqlashtirish markazi tasarrufidagi 4,5,11-sonli jazoni ijro etish muassasalari shaxsiy tarkiblari ishtirokida ZOOM platformasi orqali muloqot tashkil etildi.  

Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi vakili tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar rejasini yil boshidan buyon bajarilishi yuzasidan muassasa rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Mintaqaviy vakil tomonidan qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi tushuntirildi.  

Qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, shuningdek, jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar ovoz berish huquqiga ega ekanligiga alohida urg‘u berildi.  

Shundan kelib chiqib, uchastka saylov komissiyalari tomonidan ularning saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi va Konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirilishida mas’ul ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.          

Tashrif davomida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, turkum yotoqxonalar, maishiy xonalar, oshxona, hammom, kameralar ahvoli, kutubxonalar, davolash-profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududlari va ish joylari o‘rganildi. Mahkumlar bilan jamoaviy hamda yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.  

Muassasalarda o‘rnatilgan Ombudsman qutilari ko‘zdan kechirildi va murojaatlar ijro uchun qabul qilindi.

Ishlab chiqarish korxonasidagi mavjud sexlarning ish faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, mahkumlar uchun yaratib berilgan sharoitlar, ish o‘rinlari hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi o‘rganildi. Aniqlanishicha, foydali mehnatga jalb etilgan mahkumlar maxsus kiyim bosh va himoya vositalar bilan ta’minlangan. Ular bilan suhbat o‘tkazilganda, oylik ish haqini o‘z vaqtida olayotgani, ayrim mahkumlar oilasiga mablag‘ yuborayotganini bildirdi.

Mahkumlar uchun mo‘ljallangan umumiy ovqatlanish oshxonasidagi sharoitlar o‘rganilganda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan me’yorlar talabi asosida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangani, mahsulotlar saqlanishida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinayotgani, oshxona jihozlari va anjomlari bilan ta’minlanib, zaruriy sharoitlar yaratilgani ma’lum bo‘ldi.  

Mintaqaviy vakil tomonidan maxsus kontingent uchun sayyor qabul tashkil etilib, mahkumlarning murojaatlari tinglandi va shulardan 2 tasi joyida hal etildi va qolgan 3 tasining ijrosi  nazoratga olindi.

Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili Alisher Komilov Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayev bilan birga tuman xalq qabulxonasida sayyor qabul o‘tkazdi. 

Qabul davomida 53 nafar fuqaro murojaat qilib, mulkiy nizolar, moddiy yordam, ishga joylashtirish, kredit olish, davolanish uchun yordam, oilaviy kelishmovchiliklar  va boshqa masalalarni bayon qildi.  

24 murojaat joyida ijobiy hal etildi, 17 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish berildi. Boshqa murojaatlarni tegishli tartibda ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga majburiyat yuklatildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA