Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarining huquqiy asoslari yaratilishi va uning amalda qo‘llanilishi hamda kafolatlanishini kuzatuvchi mexanizmlardan biri, inson huquqlari bo‘yicha milliy institut Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘z zimmasidagi vazifalarni to‘laqonli bajarish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 10 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda Ombudsman institutining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirish, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini va hududlardagi ishtirokini kengaytirish hamda uning faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Ombudsman faoliyati yo‘nalishlarining inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning eng ustuvor vazifalari belgilanishi hamda uning joylarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari lavozimlarini joriy etilishi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash va ularni himoya qilish sohasidagi axborot–ma’rifiy ishlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari birgalikda amalga oshirishda o‘z samarasini beradi.
Mintaqaviy vakil Ombudsmanga hisobdor bo‘lib, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ahvoli bo‘yicha tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga har yili ma’ruza taqdim qiladi.
Hududlarda joylashgan davlat organlari va tashkilotlariga moneliksiz kiradi va ularning mansabdor shaxslari tomonidan zudlik bilan qabul qilinadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Ombudsman mintaqaviy vakillari faoliyatiga ko‘maklashadi.
Shu bilan birga, mazkur Farmon bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilganligi esa mamlakatimizda har bir sohaning, shu jumladan, Ombudsman institutining ham shiddat bilan rivojlanib borayotganligi va shunga mos ravishda tegishli qonunchilikni ham takomillashtirish zaruriyati tug‘ilganligidan dalolat beradi.
Ishlab chiqiladigan qonun loyihasida Ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarni moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari to‘g‘risidagi normalar bilan mustahkamlash nazarda tutilgan.
Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibini belgilovchi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis palatalari hamda Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim qilish huquqi hamda Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqini belgilovchi moddalar kiritiladi.
Mazkur sohadagi qonunchilikning takomillashtirilishi esa mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari oliy qadriyat ekanligi va uni himoya qilish davlatimiz siyosatining eng ustuvor vazifasi ekanligidan dalolat beradi.
Dilbar Mamajonova,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
O‘zXDP фракцияси a’zosi