Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2025 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda Ombudsman davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan va samarali parlament nazoratini amalga oshirgan. Hisobot yilida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) nomiga mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 26 ming 372 ta murojaat kelib tushgan.

Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarni tiklash Ombudsman faoliyatida ustuvorlik kasb etgan. Xususan, parlament nazorati va fuqarolar murojaatlari asosida 2025 yilda Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida 194 ta ta’sir chorasi qo‘llanilgan. Fuqarolar manfaatida jami 11 mlrd. 82 mln. so‘m undirilgan.
Shuningdek, ko‘plab fuqaroning mehnat faoliyati bilan bog‘liq huquqlari tiklangan. Buzilgan mehnat huquqlarini tiklash maqsadida aholining zaif qatlamiga “pro bono” tarzda sudlarga 88 ta ariza, da’vo ariza va shikoyatlar kiritilishida yordam berilgan.

Ma’ruzada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ekologik huquqlar bilan bog‘liq murojaatlar asosida bir qator hududlarda monitoring ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati natijasida atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holatlar bo‘yicha korxonalarda zamonaviy chang va gaz ushlash qurilmalari o‘rnatilgan, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya mablag‘lari undirilishi ta’minlangan.
M.Komilova, O‘zA