Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsmanga murojaat qilgan mahkuma sud zalidan ozodlikka chiqdi
17:31 / 2023-04-05

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda uning hududlardagi mintaqaviy vakillari harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirib, mahkum va mahbuslar murojaatlarini o‘rganib bormoqda.

Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Termiz shahar 9-sonli tergov hibsxonasiga qilgan monitoring tashrifi davomida unga ajrashgan va 4 nafar farzandning onasi bo‘lgan mahkuma U.Z. murojaat qilgan.  

Muqaddam farrosh bo‘lib ishlagan mahkumaning so‘zlariga ko‘ra, uning soddaligidan foydalanib, bir guruh shaxslar uning   nomiga mas’uliyati cheklangan jamiyati ochgan. Bankdan kredit olingan. Ular 10 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘larini noqonuniy aylantirib, soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. 1,7 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Kirdikorlar fosh bo‘lgach, Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan 2022 yil 14 oktyabr kuni yolg‘iz onaga firib bergan shaxslar bilan birga, murojaatchi U.Z.ga ham “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 2022 yil 23 dekabrdagi hukmiga asosan murojaatchi U.Z.ga 3 yil 6 oy, qolganlarga 4-7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.  

Mahkuma U.Z. o‘z nomiga ochilgan jamiyatda faoliyat yuritmaganini, barcha buxgalteriya ishlari yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan unga bildirmasdan yuritib kelinganini, biror rasmiy hujjatlarga imzo qo‘ymaganini va ushbu faoliyatdan hech qanday foyda ko‘rmaganini bildirib, mintaqaviy vakildan jazo chorasini insoniylik tamoyillariga muvofiq tayinlanishida va viloyat sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’ati tomonidan o‘tkazilgan sud majlislarida ishtirok etishni so‘ragan.  

Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Ortiqov bir necha marotaba sud jarayonlarida ishtirok etdi.  

Sudda sudya tomonidan Ombudsman mintaqaviy vakiliga ham so‘z berilib, uning fikrlari tinglangan. Ombudsman vakili 4 nafar farzandni yolg‘iz voyaga yetkazayotgan va soddaligi sababli shunday vaziyatga tushib qolgan ayolga insonparvarlik tamoyillari asosida yengillik berilishini so‘ragan.  

Ombudsman axborot xizmatidan xabar berishlaricha, sudning ajrimiga ko‘ra mahkuma U.Z.ga uning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llab 1 yil muddatga sinov sharti bilan shartli jazo tayinlandi va sud zalidan ozodlikka chiqarildi.  

O‘zA