Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida deputatlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova hisobot berdi.
Qayd etilganidek, 2021 yilda fuqarolar murojaatlari va shikoyatlarni ko‘rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash, inson huquqlarini kafolatlovchi qonunchilik bazasini mustahkamlash Ombudsman faoliyatining asosiy mezoniga aylandi. Xususan, hisobot davrida Ombudsman o‘z faoliyatini fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga, qonunchilikni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha monitoring faoliyatiga, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olishga qaratdi.
Ombudsman parlament nazorati sub’ekti sifatida 11257 ta murojaatni o‘z ish yurituviga olib, ularning 2517 tasi yoki 23 foizi ijobiy hal etildi. 2021 yilda Ombudsman tomonidan davlat organlari va idoralariga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 36 ta xulosa, 14 ta taqdimnoma hamda fuqarolarning manfaatlarini himoya qilib sudlarga 44 ta da’vo arizalari kiritildi. Umumiy hisobda Ombudsmanning 2021 yilda ta’sir choralarini qo‘llashi natijasida uning samaradorligi 2020 yilga nisbatan 2,4 barobarga oshdi.
O‘tgan davrda Ombudsman tomonidan monitoring tashriflarini amalga oshirish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu tashriflarning 91 tasi jazoni ijro etish muassasalarida, 36 tasi tergov hibsxonalarida, 12 tasi Vaqtincha saqlash hibsxonalarida, 7 tasi Maxsus qabulxonalarda, 5 tasi Reabilitatsiya etish markazlarida va 1 tasi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida o‘tkazilgan. Monitoring tashriflari davomida harakatlanish erkinligi cheklangan joylarda ushlab turilgan va saqlanayotgan 4,5 mingga yaqin shaxs bilan jamoaviy va 758 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.
Ombudsman hisobot davrida qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari tomonidan ishlab chiqilgan va “project.gov.uz” elektron tizimiga joylashtirilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini o‘rganib chiqib, 39 ta loyihaning 141 ta moddasiga o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Shundan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarning 9 tasi bo‘yicha bildirilgan 47 ta taklif va mulohazalar inobatga olindi.
Hisobot yilida Ombudsman inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan faoliyat olib borib, inson huquqlarini himoya qilish hamda rag‘batlantirish masalalari bilan shug‘ullanuvchi bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirdi va mustahkamladi. Ayniqsa, inson huquqlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda faol ishtirok etdi.
Ombudsman xalqaro tashriflar davomida bir vaqtning o‘zida xorijiy davlatlarda yashab mehnat qilayotgan O‘zbekistonlik fuqarolar bilan uchrashib, ularning muammolarini ham o‘rgandi.
Ombudsman manziliga fuqaroning ijtimoiy huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bilan bog‘liq 5610 ta, fuqarolardan turar-joyga bo‘lgan huquqlariga doir 959 ta, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi bo‘yicha 325 ta murojaatlar kelib tushdi va ularning salmoqli qismi hal etildi.
Ombudsman hisobotini muhokama qilish mobaynida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari so‘zga chiqdilar. Ular tomonidan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir tegishli tavsiya va takliflar bildirildi.
Majlisda Ombudsmanning 2021 yildagi faoliyatiga doir hisoboti atroflicha ko‘rib chiqildi. Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olinib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA