Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsmandan najot kutgan odamlarga qanday yordam berildi?
10:59 / 2022-02-01

Huquqi himoya qilinishiga ehtiyoj sezgan kishilarning Ombudsmanga murojaat yuborishi keyingi yillarda sezilarli darajada ko‘paydi.

2021 yilda Ombudsmanga 18 ming 738 murojaat kelib tushgan. Bu 2020 yilga nisbatan 4 mingga ko‘p.  

Jumladan, fuqarolardan 16 ming 559, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalaridan 2 ming 120, xorijiy davlatlardan 59 murojaat kelgan. 

Ko‘rinib turibdiki, Ombudsmanning jazoni ijro etish muassasalarida yo‘lga qo‘ygan monitoring tashriflari natijasini ko‘rsatib, ularning bu tuzilmaga ishonchi ortgan.   

Murojaatlar asosan Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo,  Toshkent va Samarqand viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.  

Murojaatlarni ko‘rib chiqish asnosida Ombudsman davlat organlari va tashkilotlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 36 xulosa, 14 taqdimnoma, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilib, sudlarga 44 da’vo arizasi kiritgan va ijobiy natijalarga erishdi.   

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya a’zolarining onlayn shakldagi navbatdagi yig‘ilishida shular haqida so‘z yuritildi.  

Yig‘ilish kun tartibidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) 2021 yildagi faoliyati natijalari, 2022 yilda Ombudsman jamoasi oldida turgan vazifalar va inson huquqlarini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish va shu kabi boshqa masalalar o‘rin oldi.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil Ombudsman instituti faoliyati tarixida alohida o‘ringa ega bo‘ldi. Sohadagi islohotlar nafaqat Vakil, balki inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Jumladan o‘tgan yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatiga taalluqli ikkita Prezident hujjati qabul qilindi. Bu mamlakatimizda insonning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashga ustuvorlik berilayotganidan dalolatdir.  

Bunga javoban Ombudsman jamoasi aholi murojaatlari bilan ishlash, qiynoqqa qarshi kurashish, qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, ochiqlikni ta’minlash kabi qator yo‘nalishlarda salmoqli ishlarni amalga oshirdi.  

Inson huquqlari bo‘yicha vakilning 2021 yilgi faoliyati tahlil qilinganda, ta’sir choralarini qo‘llashi va ularning samaradorligi 2020 yilga nisbatan 2,4 barobarga oshganini ko‘rish mumkin.  

– Yangi O‘zbekistonning keyingi 5 yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi doirasida bu ko‘rsatkichlarimiz yil sayin oshib borishiga intilamiz, – dedi Feruza Eshmatova. – Albatta, buning uchun faoliyatimizga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, inson huquqlarini ta’minlashning yangi ilg‘or usullarini ishlab chiqish zarur. 2022 yildan doimiy asosda ish boshlagan mintaqaviy vakillar mavqeini oshirish, qonunchilik tashabbusi huquqidan samarali foydalanish borasidagi ishlarimizni jadallashtiramiz.  

Yig‘ilishda komissiya a’zolariga murojaatlarning nazoratga olinishi natijasida inson huquqlarini ta’minlanishi borasida erishilgan ko‘rsatkichlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari haqida ham ma’lumot berildi.  

Yig‘ilish davomida komissiya a’zolari tomonidan Ombudsman faoliyatidagi o‘zgarishlar va natijalar to‘g‘risida fikr bildirildi. Shuningdek, 2022 yilda Ombudsman oldida turgan vazifalar, faoliyatidagi rejalarga qaratildi va aniq takliflar bildirildi.  

Tadbir yakunida komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.  


N.Abduraimova, O‘zA