O‘zbekistonda ombudsman instituti 1995 yilda MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib joriy etilgan.
Mazkur institut hozirda Xalqaro ombudsman instituti, Yevropa, Osiyo, Turkiy tilli davlatlar ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar assotsiatsiyasi va Yevroosiyo ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro tashkilotlarning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.
– 2020 yilda Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining Global alyansi tomonidan O‘zbekiston ombudsmani Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilib, unga 2021 yildan “V” maqomi berilgan, – deydi Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimova. – Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish Vakil faoliyatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
Shu kunga qadar 20 ga yaqin xorijiy ombudsmanlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Markaziy Osiyo ombudsmanlari o‘rtasidagi aloqalar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan joriy yilda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari ombudsmanlarining I forumi orqali yanada mustahkamlandi.
Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari ombudsmanlari o‘rtasida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi hamda Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Memorandumlar doirasida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha ham ishlanmoqda. 2022 yilda chet el fuqarolari, chet eldagi O‘zbekiston fuqarolari hamda chet el ombudsmanlari tomonidan jami 61 murojaat kelib tushgan. Shundan 26 murojaat Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Rossiya federatsiyasi va boshqa davlatlar ombudsmanlari tomonidan yuborilgan va ularning 70 foizga yaqini ijobiy hal etilgan.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston ombudsmanlariga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda bo‘lgan vatandoshlarimiz manfaatlari bo‘yicha 20 dan ortiq murojaat yuborilgan.
Jumladan, shu yil 4 oktyabrda jizzaxlik fuqaro o‘g‘liga nisbatan Qirg‘iziston Respublikasining sudi tomonidan chiqarilgan hukmdan noroziligi sababli, o‘g‘lining huquqlarini himoya qilishni so‘ragan.
Ushbu masala nazoratga olinib, Qirg‘iziston Respublikasi Aykыkatchi (ombudsman)ga xat yuborilgan.
Natijada murojaatchining o‘g‘li saqlanayotgan tergov hibsxonasiga borib holat o‘rganildi. Hozirgi kunda unga nisbatan qo‘llanilgan sanksiya o‘zgartirilib, u tergov hibsxonasidan ozod etilgan.
Mehnat muhojirlarining huquqlari va manfaatlarini o‘rganish maqsadida xorijiy mamlakatlarga xizmat tashrifi amalga oshiriladi. Ularda o‘sha davlatlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz uchun sayyor qabullar ham tashkil etib borilmoqda. Xususan, joriy yilda Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va Polsha davlatlarida fuqarolar qabuli o‘tkazilib, ularda yuz nafardan ortiq yurtdoshlarimiz bilan suhbat o‘tkazildi.
Ombudsman O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro konvensiyalar ijrosi bo‘yicha hukumat hisoboti bilan birgalikda muqobil ma’ruzalar kiritishga alohida e’tibor bermoqda.
Joriy yilda BMTning tegishli qo‘mitalariga Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalar, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya ijrosi bo‘yicha muqobil ma’ruzalar kiritildi.
Joriy yilda Ombudsman kotibiyati xodimlarining malakasini oshirish uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropa kengashi, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va boshqa xalqaro hamkorlar ko‘magida ta’lim muassasalari va xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarida ta’lim olish va amaliyot o‘tash uchun sharoit yaratildi.
O‘zbekiston ombudsmanining BMT organlari, YeXHT, Milliy huquqni himoya qilish muassasalarining global alyansi, USAID, “Xalqaro qamoqxonalar islohoti”ning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi (PRI) kabi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi faol rivojlanib bormoqda. Joriy yilda 10 ga yaqin seminar-treninglar tashkil etildi va unda 250 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
N.Abduraimova, O‘zA