Xabaringiz bor, 2020 yilning 30 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘ka tumani 15-sonli Mehribonlik uyida olingan videotasvirlar tarqalgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova va Ombudsman mutaxassislari holatni o‘rganish maqsadida Bo‘ka tumanidagi 15-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 137 nafar bolalar tarbiyalanayotgan ushbu muassasaning sobiq direktori 2013-2016 yillarda rahbarlik faoliyati davomida moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli 2017 yilda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Bekobod shahar sudining hukmiga ko‘ra aybdor deb topilgan.
Buni qarangki, avval jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va aybdor deb topilgan shaxs 2020 yilning 14 dekabrida yana shu muassasaga direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib taynlangan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 2020 yilning 23 dekabr kuni Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi A.Akmalovni vazifasidan ozod qilish bo‘yicha buyruq chiqargan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlar ushbu buyruq haqida Mehribonlik uyi jamoasi tanishtirilayotgan vaqtda, ya’ni, 2020 yilning 24 dekabrida tasvirga olingan. Unda sobiq direktorning o‘z lavozimida qolishini so‘ragan ba’zi xodimlarning fikrlari aks etgan.
Mehribonlik uyining ba’zi xodimlari bilan suhbatlashilganda ular muassasaga keltirilgan homiylik yordamlari va mablag‘larining noqonuniy taqsimotidan norozi ekanliklarini ham ma’lum qilishdi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusovaning ta’kidlashicha, muassasada yuzaga kelgan holat tarbiyalanuvchilarning ruhiyati, sog‘ligi, sifatli ta’lim-tarbiya olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z-o‘zidan ularga ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish uchun uy sharoitiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan muhit yaratilishiga imkon bermaydi.
Davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar, sovg‘a-salomlar, ko‘ngilli tadbirkorlar tomonidan yuborilayotgan hayriyalar o‘z manziliga, ya’ni bolalar qo‘liga to‘liqligicha yetib bormayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan baho berilishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, bu juda achinarli... Bu masalaga Xalq ta’lim vazirligini aniqlik kiritishi maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.
Aslida Mehribonlik uyi direktori hamda tarbiyachilari ko‘ngli yarim bolalarga ota-onadek munosabatda bo‘lishlari kerak. Bu muassasada bolalar kimdan o‘rnak olsin?Ularni muassasaga rahbar tayinlash masalasiga jalb etilganligi ham umuman noto‘g‘ri. Ushbu holatdan Xalq ta’limi vazirligidagi rahbar va vakolatli shaxslar tegishli xulosa chiqarishadi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari mehribonlik uylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan monitoring-nazorat faoliyatini yanada kuchaytiradi. Xususan, bugun ham Bola huquqlari bo‘yicha vakil boshchiligidagi Ombudsman xodimlari tomonidan Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi 23-sonli Mehribonlik uyida monitoring amalga oshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari
bo‘yicha vakili (ombudsman)
matbuot xizmati