Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman viktorinasi g‘oliblari aniqlandi
11:16 / 2025-06-09

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Inson huquq va erkinliklarini amalga oshirishda imkoniyatlar tengligini ta’minlash, ayniqsa, yetim bolalar hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlanish muhim ahamiyatga ega.

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish, ularni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash e’tibordan chetda qolmasligi zarur.

Shu maqsadda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining huquq sohasiga bo‘lgan qiziqishini hamda bilimlarini oshirishga qaratilgan loyiha 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlandi.

Ikki bosqichdan iborat ushbu viktorinada Toshkent shahrida joylashgan Mehribonlik uylarining 100 nafarga yaqin tarbiyalanuvchisi qamrab olindi.

Xususan, shahrimizdagi 22 va 30-sonli Mehribonlik uylarining o‘zbek va rus tillarida ta’lim oluvchi yuqori sinf o‘quvchilari viktorinaning 1-bosqichida ishtirok etgan.

Ombudsman viktorinasining yakuniy bosqichida testlardan eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Viktorina ishtirokchilari bilimlari mazkur loyiha tashabbuskorlari, senator va deputatlar hamda Bolalar ombudsmani tomonidan baholandi.

Ishtirokchilar belgilangan vaqt ichida berilgan nazariy va hayotiy voqealardan kelib chiqib tuzilgan amaliy savollarga javob berdi.

Dastlab viktorinaning final bosqichiga yetib kelgan 6 nafar ishtirokchiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan berilgan ballar asosida aniqlangan g‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

[gallery-23811]

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash, ularning ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi, shuningdek, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratadi.

N.Abduraimova,

A.Mamadaminov (surat),

O‘zA