Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ishtirokida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Navoiy viloyati Nurota tumanida fuqarolar qabuli, tibbiy ko‘rik va mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Ombudsman va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida Amir Temur mahallasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda tor doiradagi shifokorlar va mutaxassislar tomonidan 100 nafarga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Musiqa maktabi binosida o‘tkazilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkasida esa tumandagi 136 ta korxona va tashkilotlar 214 ta bo‘sh ish o‘rni bilan, 12 ta tadbirkorlik sub’ektlari o‘zi ishlab chiqargan mahsulot va loyihalari bilan qatnashdi.
Unda 9 nafar ishsiz fuqaro ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 13 nafariga o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida tijorat banklaridan imtiyozli kredit olish bo‘yicha tushunchalar berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-choragida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Navoiy viloyatidan 118 ta murojaat kelib tushgan. Ularda mehnat huquqlarini ta’minlash, bandlik, aholiga sifatli ijtimoiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi imkoniyat va imtiyozlardan foydalanish, kredit rasmiylashtirish, uy-joy, aliment hamda ta’lim olish masalalari ko‘tarilgan.

Nurota tumani hokimligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan fuqarolar bilan ochiq muloqotda Oliy Majlis Senati a’zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, tashkilot, korxona va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir yakunida Feruza Eshmatovaning sayyor qabuli o‘tkazildi. Unda fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammo va tavsiyalarini bildirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri