Mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan bo‘lib, shaxsning ozodlikda yoki jazoni ijro etish muassasalarida ekanidan qat’i nazar, bu tamoyil o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Asosiy qomusimizda ham ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar insoniy muomalada bo‘linishi, shuningdek, insonga xos qadr-qimmatining hurmat qilinishi huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan.
Mazkur normalarning bevosita konstitutsiyada aks etishi mamlakatimizda inson qadri ustuvorligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, bu jarayonda jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili va Xalq deputatlari viloyat kengashi, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda deputatlardan iborat jamoatchilik guruhi tomonidan Qarshi shahridagi 5-son tergov hibsxonasi ko‘zdan kechirildi.

Jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan qisqa muddatli uchrashuv, telefon so‘zlashuv xonalari, oshxona, kutubxona va sudlarda onlayn ishtirok etish imkonini beruvchi konferensiya xonalari ko‘zdan kechirildi. Muassasada saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoiti, ovqatlanishi, tibbiy yordam ko‘rsatilishi holati va sifati, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, “Ombudsman quti”siga kelib tushgan murojaatlar o‘rganildi.

Hibsxonada ustoz-shogird xonalari bo‘lib, u yerda mahbus va xo‘jalik ishlariga biriktirilgan mahkumlar kasb o‘rganishi mumkin.
Monitoring doirasida muassasa o‘quv xonasi uchun Qarshi mebel ishlab chiqarish korxonasi tomonidan stol va stullar jamlanmasi homiylik asosida taqdim etildi.

Tashrif davomida mazkur sinfxonada voyaga yetmaganlar bilan alohida profilaktik suhbat tashkil etildi. Suhbat davomida ularning huquqiy xabardorligini oshirish, ta’lim olish imkoniyatlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Ularga viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan sovg‘alar taqdim etildi.

Shuningdek, o‘tgan galgi tashrif davomida mahbuslardan bildirilgan taklifga asosan xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan 100 dona o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlari jamlangan kitoblar to‘plami taqdim etildi.

Hibsxonada ayollar saqlanadigan kameralar alohida ajratilgan bo‘lib, ular ayol xodimlar tomonidan qo‘riqlanadi. Mazkur kameralar ko‘zdan kechirilganda bir qancha mahbuslar holi tarzda uchrashishni so‘rashdi. Murojaat qilgan 5 nafar mahbusning masalasi tegishli tartibda o‘rganib chiqildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri