Samarqandda “Huquqiy madaniyatni yuksaltirishda Ombudsman va davlat tashkilotlarining hamkorligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Ombudsman devoni xodimlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ilmiy doiralar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova mamlakatimizda aholining huquqiy madaniyati va huquqiy xabardorlik darajasini oshirishda Ombudman instituti ham faol ishtirok etayotgani va bu borada davlat organlari bilan hamkorlikda manzilli tushuntirish ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
[gallery-27821]
– Yangilangan konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yaqinda takomillashtirilgan holda qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida Ombudsman faoliyati ham o‘z aksini topmoqda, – dedi F.Eshmatova. – Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2021-yil sentabr oyida imzolangan ombudsman faoliyatini takomillashtirishga doir farmoni mazkur institut hayotida yangi davrni boshladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aynan mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida 2024-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Yangi qonunda avvalgisiga nisbatan qonun normalari ikki barobar ko‘paydi, ombudsman institutining huquqiy asoslari mustahkamlandi, faoliyati aniq tartibga solindi hamda huquqiy kafolatlari yanada kengaytirildi. Xususan, asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblangan fuqarolar murojaatlari bilan ishlash mexanizmi raqamlashtirildi, hududlardagi mintaqaviy vakillar instituti mustahkamlandi. Bu esa murojaatlarni joyida tezkor o‘rganish va masalalarni hal etish imkonini kengaytirdi.
2025-yilda Ombudsmanga 2024-yildagidan uch mingta ko‘p, ya’ni 26 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan qariyb 40 foizga ko‘p demakdir. Murojaatlar dinamikasi fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilish borasida faolligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, murojaatlar tahlili aholi o‘rtasida qonunchilikda belgilangan huquq va imkoniyatlar haqidagi xabardorlik darajasini yanada oshirish zaruratini namoyon etmoqda. Ayrim hollarda fuqarolar davlat tomonidan yaratilgan huquqiy mexanizmlardan to‘liq foydalana olmayotgani kuzatilmoqda. Bu borada aholiga yaqindan yordam berish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida “Ombudsman maktabi”, “Ombudsman soati” tashkil etilib, korxona va tashkilotlar, mahallalar va ta’lim muassasalarida muntazam o‘quvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish uchun “Tenglik va hurmat” platformasi yaratildi.
Davra suhbatida Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi ilmiy xodimi A.Tatibayev, Ombudsman huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zosi G.Yo‘ldosheva, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Saidova, Samarqand viloyatidagi davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, joylarda manzilli tushuntirish ishlarini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir yakunida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ilgari surildi hamda ularni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari